Buxoro tumani: “Navroʻz” mahallasida “Sohil boʻyi dam olish maskani” qurilmoqda
2025-07-26 15:05:00 / Yangiliklar

Mahalliy aholi, mehmonlar va xorijiy sayyohlarga savdo va maishiy xizmat koʻrsatilishi barobarida, hudud mikroiqlimini shakllantirishda ham oʻz oʻrniga ega boʻladigan mazkur loyiha 15 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan amalga oshirilayotgan boʻlib, qiymati 14,6 milliard soʻmga moliyalashtirilgan. Shundan, 4,1 milliard soʻm mablagʻ tadbirkorlik subyektlari hisobidan, qolgani tijorat banklarining moliyaviy koʻmagi hisoblanadi. Ayni kunda “Ye-auksion” dasturi orqali sohil boʻyi loyihasida koʻp yillik ijaraga joy rasmiylashtirib berilayotgani ham biznes egalari uchun yaxshi imkoniyat.
Loyiha doirasida dastlab hududdan oqib oʻtuvchi suv inshooti oʻzani boʻylab toʻligʻicha himoya toʻsigʻi, gulzor, tungi yoritish chiroqlari, piyodalar yoʻlaklari ham barpo qilinadi. Shuningdek, hududda fotozonalar uchun dekorativ elementlar, avtoturargohlar va zamonaviy oʻrindiqlar tashkil etish, umuman, aholining boʻsh vaqtini unumli oʻtkazish uchun yetarli shart-sharoit yaratish, salqin ichimliklar, umumiy ovqatlanish shoxobchalarni qurish koʻzda tutilgan.
Yil yakuniga qadar toʻliq ishga tushirilishi moʻljallangan loyihaning ahamiyati, mahalliy byudjetga 500 million soʻm atrofida daromad kirim qilinib, bunda tijorat egalari va mehmonlar uchun qator savdo va servis, koʻngilochar xizmat turlari taklif etiladi. Shuningdek, 100 nafarga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









