Dilnoza Joʻrayeva: “Hunari borning tashvishi yoʻq”!
2025-07-26 09:45:00 / Yangiliklar

“Ayollar daftari”ga kiritilgan qozonlik Dilnoza Joʻrayeva oʻtgan yili monomarkazda kasbga oʻqitilib, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi boʻyicha 33 million soʻm imtiyozli kredit ajratilgani natijasida mahallada yashovchi 15 nafardan ziyod ayollarga ish oʻrni yaratilgan tikuvchilik sexi tashkil etdi.
— Mazkur tikuvchilik korxonamizda bugunga kelib 15 nafar chevar tikuvchi ishlayotgan boʻlsa, ularning aksariyati hududda kam taʼminlagan oilalar bekalari va qizlari, —deydi Dilnoza Joʻrayeva. — Qolaversa, mahallamizdagi yana 10 nafar xotin-qizlarga kasanachilik orqali buyurtmalar berib turibmiz. Bundan tashqari, tuman politexnikumi oʻquvchilari, yosh chevarlar ham darsdan soʻng kasb-hunar oʻrganish uchun seximizga qatnamoqda.
Tuman hokimligi va tadbirkor hamkorligida mazkur tikuvchilik korxonasi faoliyati qoʻllab-quvatlanib, mahsuldorlik, ish oʻrni va daromadni koʻpaytirish choralari koʻrilmoqda. Zero, yangi ish oʻrinlari aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, “Qozon” mahallasida bugunga kelib 911 ta xonadon 1 ming 214 ta oila boʻlib, aholi soni 4 ming 183 nafarni tashkil qiladi. Mahalladagi ishsiz fuqarolarning 368 nafari doimiy ishga joylashtirilgan, 279 nafarini oʻzini oʻzi band qilishga, 154 nafarini mavsumiy ishlarga jalb qilishga koʻmaklashilgan, 244 nafariga qariyib 5 mlrd. soʻm kredit ajratilib tadbirkorlik faoliyatini boshlash orqali bandligi taʼminlangan.
Hududda 18 ta yuridik korxona, 16 ta yakka tartibdagi tadbirkor va 49 ta tadbirkorlik subekti mavjud.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









