Gʻijduvon: Shavkat Aslonov broyler joʻja boqishdan 40 kunda 22 million soʻm foyda oldi
2025-07-25 20:25:00 / Yangiliklar

“Zargaron” mahalla fuqarolar yigʻini Qudre aholi punktida yashovchi Shavkat Aslonov ham uy sharoitida broyler joʻjalari boqishni yoʻlga qoʻydi. U dastlab mahalladagi hokim yordamchisi koʻmagida 33 million soʻm imtiyozli kredit olib, 3500 bosh joʻja bilan ishni boshladi.
Tajribada sinab, hisob-kitob qilinsa, qariyb ikki oyda bitta broyler joʻja boqish uchun oʻrtacha 35 ming soʻm xarajat qilinar ekan. Har bir joʻja 1,5 kilogram goʻsht qilsa, kamida 65 ming soʻm foyda olinadi. Bu degani, 1 ming bosh joʻja parvarishidan yakunda roʻzgʻorga 55 million soʻm daromad olib kirish mumkin.
Bugunga kelib Shavkat Aslonovning tovuqxonasidagi broyler joʻja soni 5 ming boshga yetkazilgan. Bu orqali tadbirkor nafaqat oilasiga, balki yana ikki nafar ishchiga ham doimiy daromad manbai yaratdi.
Joʻjalar 40-45 kun ichida yetishtirilib, har galgi aylanmada taxminan 22 million soʻm sof foyda keltirmoqda. Bu natija esa halol mehnat orqali barqaror hayot sari tashlangan qatʼiy qadamdir.
Muhimi, mahalla maʼmuriyati koʻmagida eʼtibor va madadga muhtoj xonadonlar yana “oyoqqa turib”, halol peshona teri evaziga oʻz moddiy manfaatdorligini taʼminlamoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







