Qorovubozor: “Boʻzachi”dagi 20 gektar maydonda tarvuz va qovoq yetishtirilmoqda
2025-07-25 18:50:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning 2024-yil 18-yanvardagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bu borada dasturilamal boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-fevraldagi “Aholiga dehqon xoʻjaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida olib boriladigan aniq vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur tamoyil asosida Qorovulbozor tumanida ham tijorat banklari tomonidan aholiga ijara asosida berilayotgan yer maydonlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha namunali loyihalar ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Masalan, “Turonbank” Buxoro viloyati filiali tashabbusi bilan “Boʻzachi” mahallasi hududida tashkil etilgan bitta konturning 20 gektar maydonda “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyili aosida tarvuz va qovoq yetishtirilmoqda.
Ushbu kontur 19 nafar ishsiz, kambagʻal oilalarga boʻlib berilgan boʻlib, ular tomonidan mazkur yerda tarvuz va qovoq ekib, parvarishlandi.
Nabijon Hayitov ham oʻziga ajratib berilgan ekin maydonida oila aʼzolari bilan birgalikda mehnat qilib, yaxshigina daromadga ega boʻldi.
– “Bir kontur – bir mahsulot” boʻyicha ilgari surilgan xayrli tashabbus biz, fuqarolarga nafaqat ish oʻrni, balki barqaror oilaviy daromad manbaini ham yaratib bermoqda, – deydi ijara asosidagi yerda dehqonchilik qilayotgan Nabijon Hayitov. – Ushbu tajriba, avvalo, davlatimiz tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishdagi imkoniyatlardan biridir. Oʻzim yashayotgan mahalla hududida 15 sotix yer maydoniga ega boʻlib, unga tarvuz va qovoq ekib, bugungi kunda oilaviy daromadimni oshirmoqdaman.
Darhaqiqat, hozirda dehqonlar 15 gektarda yetishtirilgan tarvuzni arzon narxlarda bozorga yetkazib berib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshishmoqda. Hademay, qovoq ham tayyor boʻladi. Buning ortidan oilalar daromadga chiqib, yashash sharoitlari kundan-kunga yaxshilanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








