"Sitorai Moxi xossa" mahallasini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi
2025-07-22 23:15:00 / Yangiliklar

Dastlab viloyat rahbari “mahalla yettiligi” bilan muloqot qilib, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish, investisiya va eksport salohiyatini yuksaltirish, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi muammolarni hal qilish, xotin-qizlar va yoshlar, migratsiyadagilar bilan manzilli ishlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘radi. Odamlarning turish-turmushi bilan qiziqdi.
Ma’lumotlardan ko‘rinishicha, hozirda mahallada 1 ming 72 ta xonadon, 1 ming 268 ta oila tarkibida 4 ming 563 nafar aholi istiqomat qiladi. Asosiy rivojlanish drayveri tibbiyot, turizm va dehqonchilik hisoblanadigan mazkur mahallada xatlov natijalariga ko‘ra, 8 nafar ishsiz fuqaro borligi aniqlangan. Kambag‘al oila 27 tani, ulardagi aholi soni 95 nafarni tashkil qiladi.
Viloyat hokimi aynan ishsiz fuqarolar bilan birma-bir suhbatlashdi. Ularning qiziqishi qarab daromadli ish o‘rinlarini taklif qilindi. Shuningdek, Botir Zaripov kambag‘allik ro‘yxatida turgan mahalla fuqarolari bilan ham muloqot qilib, ularning muammolarini tingladi. Fuqarolar asosan ish bilan ta’minlash, moddiy yordam, uy-joyni kadastr qilish, kredit ajratish kabi masalalarda viloyat rahbariga yuzlanishdi.
Murojaatlarning aksariyati joyida o‘z yechimini topdi, vaqt talab qiladigan masalalar bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Botir Zaripov shu kuni tegishli o‘rinbosarlar, “mahalla yettiligi” va boshqa mas’ullar bilan qator xonadonlarda ham bo‘ldi. Oila vakillari bilan muloqot qilib, ularning muammolari bilan qiziqdi.
Yakunda Botir Zaripov o‘rganishlar davomida bildirilgan har bir taklif va murojaat alohida nazoratga olinib, ularning ijrosi ta’minlanishini ta’kidladi.
— Bajarilgan ishlardan qiladiganlarimiz nihoyatda ko‘p. Buniyam bilamiz. Yana bir masala shuki, mahalladagi muammolarni hal qilishda "yettilik" vakillari tashabbuskor bo‘lishi zarur. Ya’ni mahallada ma’naviy-ma’rifiy muhit barqarorligini taьminlash, jinoyatchilikning oldini olish, ishsizlikni kamaytirishda ularning roli muhim. Ana shunda hayotimiz yanayam o‘zgaradi, – dedi Botir Zaripov.
Shu bilan birga “yettilik” vakillariga mahallalarni obodonlashtirish, aholining tomorqadan foydalanish madaniyatini oshirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va boshqa bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar Buxoro shahrining boshqa mahallalarida ham davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









