Buxoroda “Qovun sayli” boshlandi
2025-07-18 22:05:00 / Yangiliklar

Sayilning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov, qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, shahar-tumanlar hokimlari, viloyatning barcha tumanlaridan kelgan mirishkor dehqonlar, polizkor fermerlar, tomorqa yer egalari, agrosanoat sohasi korxonalari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, xorijiy mehmonlar va keng aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov va qishloq xoʻjaligi vaziri ibrohim Abdurahmonov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni viloyatning agroturizm salohiyatini namoyish etish, hududning qadimiy polizchilik tajribasi, shirin-shakar qovun-tarvuzlari va bogʻdorchilik mahsulotlarining noyob turlari va navlarini keng ommalashtirish maqsadida oʻtkazilayotgan “Qovun sayli” - mirishkor dehqonlar va polizkor fermerlarning oʻziga xos hosil bayrami bilan qutlashdi.
Eʼtirof etilganidek, yurtimiz, xususan, Buxoro dehqonchiligi, uning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan polizchiligi uzoq tarixga ega. “Avesto” asarida ham zaminimizda tilimi tilni yorar bunday noz-neʼmatlar serob boʻlgani aytiladi.
Polizchilikni dehqonchilikning muhim tarmogʻi sifatida rivojlantirayotgan fermer xoʻjaliklari soni ham koʻpayib bormoqda. “Qovun sayli” ular erishayotgan yutuqlarning oʻziga xos taqdimotiga aylandi. “Qovun sayli”ning mustaqillik bayrami tantanalari oldidan oʻtkazilayotganligi ham bejiz emas. Chunki istiqlol paxta yakkahokimligiga barham berdi, gʻallachilik, sabzavotchilik va bogʻdorchilik qatorida polizchilikning ham ravnaq topishiga katta imkon yaratdi. Aynan mustaqillik yillarida yurtimiz tuprogʻi va tabiiy iqlim sharoitiga xos, unut boʻlib ketgan qovun navlari tiklandi. Sohaga yangi ilmiy asoslangan texnologiyalar joriy etildi, ilgʻor dehqonlarning tajribasi ommalashtirildi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda dehqonchilikning ushbu tarmogʻida sezilarli yutuqlarga erishildi. Buning natijasi sifatida “Boʻrikalla”, “Barginay”, “Gulobi”, “Sherozi”, “Amiri”, “Koʻkcha”, “Dahbehi”, “Toshloqi” singari oʻttizdan ziyod navdagi qovunlar tanti mirishkorlarimiz tomonidan el dasturxoniga tortiq etilmoqda.
Har bir tuman uchun ajratilgan va bayramona bezatilgan pavilyonlarda qovunlar oʻziga xos manzarali koʻrinishda namoyish etilmoqda. Shuningdek, turli meva-sabzavotlar, qandolatchilik, asalarichilik mahsulotlari savdosi ham tashkil etilgan.
Dastlabki kunda viloyatning barcha tumanlari oʻzlariga biriktirilgan hududlarda 612 ta fermer xoʻjaligi tomonidan tanti dehqonlarning mehnati mahsuli — 7 ming tonnaga yaqin qovun-tarvuz shaharliklar dasturxoniga tortiq qilindi.
Sayil nafaqat shaharliklar va mehmonlarni, balki chet eldan kelgan sayyohlarni ham befarq qoldirmayapti. Ular Buxoroning shirin qovunlarini, noz-neʼmatlarini tatib koʻrishmoqda, mehmondoʻst xalqimizning himmatiga yuqori baho berishmoqda, shuningdek, sanʼatkorlar, folklor-etnografik ansambllarining sahna chiqishlari, diltortar kuy-qoʻshiqlaridan ham bahramand boʻlishmoqda.
Eslatib oʻtamiz, “Qovun sayli” ertaga ham davom etadi. Tadbir yakunida alohida oʻrnak koʻrsatgan dehqon-mirishkorlar, fermer xoʻjaliklari rahbarlari, agrosanoat sohasi xodimlari Buxoro viloyati hokimligi tomonidan alohida ragʻbatlantiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









