Peshku: Murodovlar koʻp tarmoqli uy xoʻjaligi — daromad manbai
2025-07-17 09:10:00 / Yangiliklar

Mahallada issiqxona xoʻjaligi, tomorqachilik rivojlangan boʻlib, aholining 70 foizidan ortigʻi, deyarli 3 mingga yaqini bevosita tomorqa ishi, dala-dehqonchilik agrotexnikasi bilan band. Uyma-uy yurib, bir sotixdan yarim gektargacha maydonda barpo qilingan issiqxonalarning aksariyati shu kunda gurkirab, yashnab yotgani, ulardan yiliga uch marta hosil olinayotgani, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, kartoshka, sabzi, karam, toʻqsonbosti usulida yetishtiriladigan koʻkatlar bilan birga limon, apelsin, mandarin kabi sitrus meva yetishtirishga kirishilgani tahsinga loyiq, albata. Erta bahordan bu issiqxonalarning yarmidan koʻpida sabzavot mahsulotlari koʻchatlarini yetishtirib sotish har yilgi odat va daromad manbaiga aylangan. Umuman, hududdagi aholi tomorqalarida 3 gektarga yaqin yerda sabzi, 2 gektarga yaqin yerda kartoshka yetishtirilayotgani ham elimiz dasturxoni toʻkinligi uchundir.
“Sadir” MFY Makadid qishlogʻida yashovchi Jahongir Murodov ham hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida oʻtgan yili 33 million soʻm miqdorida bank imtiyozli kredit sarmoyasini olib, tomorqasining 2 sotix qismida issiqxona barpo qilgan. Shu yil boshidan bu yerda kartoshka ekib, roʻzgʻor ehtiyojga mos hosil olishga erishdilar.
Endilikda tomorqada pomidor-bodring yetishtirilmoqda. Kartoshkadan yarim tonnadan oshirib hosil gʻamlangan boʻlsa, yana 1 tonnaga yetkazib pomidor-bodring hosilini saranjomlash koʻzda tutilgan. Xonadon aʼzolari kasb-koridan qatʼiy nazar, tomorqa mehnatiga vaqt topib, ekin yerida astoydil ter toʻkishga odatlanishgan.
Shuningdek, Jahongir Murodov keyingi yillarda chorvachilikka alohida mehr qoʻygan. Tomarqa yeridan samarali foydalanayotgan mirishkorlar ogʻilxonasida hozirda oʻndan ortiq qoramol, boʻrdoqiga boqilayotgan hoʻkizlar, yana sogʻin sigir va gʻunajinlar parvarishlanmoqda. Shu kunlarda bir emas, naq 4 ta buqa goʻshtga topshirishga deyarli tayyor. Ularning har birida 200-250 kilogramdan goʻsht hisob-kitob qilinmoqda. Bu qariyb 100 million soʻm daromad degani.
Tinib-tinchimas xonadon aʼzolari shu bilan kifoyalanmasdan, zotdor qoʻylardan oʻndan ortigʻini parvarishlamoqdalar. Ularninng aksari bozorgirligi bilan ajralib turgan qoʻchqorlardir. Albatta, qoʻy-qoʻzi va qoramol boqish uchun uy xoʻjaligi ekin yeridan samarali foydalanishga, uy hayvonlari kunlik ozuqasini taʼminlash uchun harakat qilinmoqda.
Bundan tashqari, xonadon egasi Jahongir Murodov yana bir tashabbus bilan chiqib, uyi tomiga 20 kVt soat quvvatga ega quyosh panelini oʻrnatganiga koʻp boʻlmadi. Bunda unga “Mikrokreditbank” ATB Yangibozor bank xizmatlari markazi yaqin hamkor boʻlib, imtiyozli tartibda 90 million soʻm kredit mablagʻi bilan taʼminladi.
Quvvati 20 kVt soatga teng muqobil energiya manbai bir xonadon ehtiyojini qondiribgina qolmay, oshiqcha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega. Shu boisdan, Murodovlar xonadoni har oyda davlat xaridi uchun qiymati 3 million soʻm atrofidagi energiyani sotishga ham muvaffaq boʻlmoqda. Albatta, bir oila va undagi ishbilarmonlik muhiti, oqilona foydalanib kelinayotgan tarmoqlar boshqalar uchun ibrat-namunadir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









