Peshku: ogʻir mahallada ariq oʻzani betonlashtirilib, artezian qudugʻi va yangi transformatorlar oʻrnatildi
2025-07-12 16:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi "2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida" gi PQ-1-sonli qarori yuzasidan chekka tumanning Ibn Sino mahallasidagi koʻchalarga 8 ta videokuzatuv kamerasi, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatilib, 300 metr masofadagi piyodalar yoʻlagi qurilgani profilaktik nuqtayi nazardan maqsadga muvofiqdir.
Shu bilan cheklanib qolmasdan, ogʻir ijtimoiy hudud sifatida Ibn Sino mahallasida aholi talab va murojaatlaridan kelib chiqqan holda 1400 metr ichki ariq oʻzani betonlashtirilib, 70 gektardan oshiq aholi mavjud tomorqalarini sugʻorish tarmogʻi yaxshilandi. Shu kungacha elektr energiyasi taʼminotida tez-tez kuzatilgan uzilishlarni bartaraf etish maqsadida tarmoqda 2 ta yangi transformator oʻrnatilib, kabel liniyasi taʼmirdan chiqarilgan.
Xuddi shunday, “obi hayot”ga boʻlgan ehtiyojni qoplash maqsadida mahallada yana 2 ta artezian qudugʻi oʻrnatilgani koʻplarning mushkulini oson qilmoqda. Aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanib, roʻzgʻorga zarur sabzavot-poliz mahsulotlarini ekib yetishtirishda suv taʼminotiningg oʻrni beqiyos, albatta.
Qolaversa, oʻtgan yili aynan Ibn Sino mahallasida investitsiya dasturi asosida uzunligi 3,2 kilometr yoʻl taʼmirdan chiqarilib, shundan 700 metrdan oshiq yoʻl qismi betonlashtirilgani va 2,5 kilometr yoʻl qismiga asfalt bostirilgani koʻplarni mamnun qilmoqda. Bu saʼy-harakatda pudratchi sifatida "Peshku trans qurilish" MCHJ ishchi-mutaxassislarining alohida jonbozligi bor.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







