Qorakoʻl: Bekmurod Karimov bank kredit sarmoyasiga gilam yuvish liniyasini ishga tushirdi
2025-07-10 21:35:00 / Yangiliklar

Qorakoʻl tumani hokimligi va masʼul idoralar hamkorligida “Loyihalar yarmarkasi” muntazam oʻtkazib kelinadi. Shunday yarmarkada qatnashgan Paxtakor mahallasida yashovchi Bekmurod Karimovda gilam yuvish servisiga qiziqish paydo boʻldi. Oʻylab koʻrsa, zarur uskuna va joy boʻlsa, bemalol aholidan buyurtma asosida gilam olib, tozalab yuvib berish bilan moddiy manfaat topish mumkin.
Hokimning mahalladagi yordamchisiga shu haqidagi taklifini bayon etib, amaliy yordam soʻragan yigit tijorat bankidan 100 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻini olib ishga kirishdi. Avtomatik gilam yuvish dastgohi xarid qilindi.
Yaxshi bilamizki, xonadonlarda bir yilda kamida bir marta gilamlar yuviladi. Bitta xonadonda oʻrtacha 3-4 gilam mavjudligini hisobga olsak, Bekmurod Karimov singari xizmat koʻrsatadigan, gilam yuvib oʻziga xos biznesini yoʻlga qoʻyganlarning ishi ham yurishadi.
Ayni kunda gilam yuvish xizmati “dostavkasi”ga ega, yaʼni xonadonlardan oʻzi olib ketib, liniyada yaxshilab yuvib, quritib, yana xonadon egalariga yetkazib berilayotgani ikki tomonga ham qulay. Muhimi, mana shu hojatbarorligi bilan bir oila aʼzolari kundalik daromadiga ega boʻlishmoqda.
Umuman, bugunga kelib tuman miqyosida xizmatlar sohasida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyekti soni 251 tani, kichik korxona va mikrofirmalar soni 747 tani tashkil etmoqda. Aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar va ulardan olinayotgan daromadga kelsak, 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida hududda jami 1 milliard 11 million soʻmlik servis koʻrsatilgan boʻlsa, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 110 foizni tashkil etgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









