Qorakoʻl: “Qozon” va “Istiqlol” mahallalarida 20 gektar yerda talqon yetishtirilmoqda
2025-07-08 19:40:00 / Yangiliklar

Ayni vaqtda esa tomorqadan foydalanish hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani, qoʻshimcha imtiyoz sifatida subsidiya va kreditlar ajratilib, oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlganlar uchun shart-sharoit yaratilayotgani ayni muddao.
Tumandagi mahalla va qishloqlarda agrar tarmoqni rivojlantirish, aholining bandligini taʼminlash va daromad manbalarini kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, aksionerlik tijorat “Milliy banki” tuman filiali ham oʻziga biriktirilgan hududlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish, aholi daromadini oshirishda tomorqa egalari, dehqon xoʻjaliklari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Bu borada ishlab chiqilgan namunali loyihaga muvofiq, aholiga ijara asosida uzoq yilga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, ayniqsa, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar daromadlarini oshirish, qishloq joylaridagi mavjud imkoniyatdan unumli foydalangan holda yuqori daromadli mahsulot yetishtirishga doir aniq chora-tadbirlar bajarilmoqda.
Jumladan, “Bir kontur—bir mahsulot” tamoyili asosida “Qozon” va “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinlarida “Milliy banki” tuman filiali tashabbusi bilan 20 gektar maydonda talqon oʻsimligi ekib yetishtirilmoqda. Bunda har gektar yerdan olinayotgan hosil hisobidan 30 million soʻm daromadga erishish mumkin ekan.
Dehqon mirishkorlarning aytishicha, talqon oʻsimligi hosili pishib yetilgach, oʻrib olinadi va quritiladi. Qayta ishlash jarayonida, elevatorlar orqali elanadi va bundan tashqari, qator texnik vositalarda saralanadi. Yarim sindirilgan holatga keltirilgach, polietilen qoplarga solinib, sortlarga ajratilib markirovkalanadi. Mahalliy bozorga oddiy tamaki turi—nosning tayyor holatidan koʻra, koʻproq bargi chiqariladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







