Qorakoʻl: doʻrmanlik Mattiyevlar tomorqasida pomidor va bulgʻor qalampiridan moʻl hosil yetishtirildi
2025-07-05 15:30:00 / Yangiliklar

Bu bilan oʻnlab fermer va dehqon xoʻjaliklari, aholi tomorqa yerlarida mahsulot yetishtirish, ekin yerlarini “obi hayot”ga qondirish, moʻl hosil yetishtirishda katta natijalarga erishilmoqda. "Yomonjar" kanali Olot va Qorakoʻl tumanlari qishloq xoʻjaligida muhim gidrotarmoq hisoblanadi. Aynan “Yomonjar” kanalining rekonstruksiya qilinishi tufayli viloyatning ikki tumanida umumiy hisobda 12 ming gektardan oshiq ekin yerini sugʻorish chora-tadbiri koʻrilmoqda. Natijada hududdagi fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida hosildorlik, tayinki, moddiy manfaatdorlik oshmoqda.
Chekka tumanning Doʻrman mahallasida yashovchi Komil Mattiyev ham tomorqasining 2 sotix qismida issiqxona qurib, shu yil boshidan bu yerda pomidor va bulgʻor qalampiri yetishtirib keladi. U singari mahallada tomorqadan omilkorlik bilan ish koʻrib, tomorqasi, issiqxonasidan samarali foydalanayotgan, oʻziga xos tomorqa xoʻjaligidan yuqori hosil olib, avvalo roʻzgʻor ehtiyoji, shuningdek, mahalladoshlar dasturxoni toʻkinligiga hissa qoʻshayotgan, oziq-ovqat taʼminotini yaxshilayotganlar safi kengaymoqda.
—Azaldan tomorqa yeri tirikchilik, rizq-roʻz manbai boʻlib kelgan. Biz uchun ham ekin yerimiz bitmas-tuganmas xazina,—deydi mirishkor dehqon Komil Mattiyev.—Tajribamizdan kelib chiqib aytsak, bugun eplagan odam atigi 3 sotixdan iborat issiqxonasini gurkiratib, deylik olti oyda bir yillik daromadiga ega boʻlmoqda. Mavsumiga qarab bozorgir sabzavot-poliz mahsulotlari, jumladan, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, hatto loviya, oshqovoq ekib yetishtirib, moʻmay daromadga ega boʻlish mumkin.
Joriy yilda dastlabki hosil—pomidor sotuvidan tushgan puldan uyimizni taʼmirlagan boʻlsak, ikkinchi ekin sifatida ekkan “aida” navli bulgʻor qalampiridan kutilganidan koʻproq hosil olish harakatidamiz. Oʻtgan oylarda bulgʻor qalampirini 25 ming soʻmdan sotgan boʻlsak, hozir ayni pishiqchilik mavsumida 7 ming soʻmdan daromad qilyapmiz. Oila aʼzolarimiz bilan maslahatlashgan holda yil yakuniga borib issiqxonamizni kengaytirishga qaror qildik. Bu bilan albatta, mahsuldorlikni oshiramiz.
Komil Mattiyev va uning oila aʼzolari tomonidan moʻjazgina yerda yetishtirilib, isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan mahsulot hisobiga oilaning farovonligi, dasturxonining toʻkinligi ortmoqda. Kasb-koridan qatʼiy nazar, oila aʼzolari ham ishli, ham qoʻshimcha daromadli boʻlishmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









