Peshku: “Mikrokreditbank” filiali yordami bilan Sadirda 500 ta tomorqa xoʻjaligida pomidor yetishtirildi
2025-07-04 17:30:00 / Yangiliklar

Yil boshida ishlab chiqilgan loyihaga binoan Sadir mahallasidagi 502- konturdan tanlangan 10 gektar yer maydoni har bir gektari dala mehnati, tomorqachilik bilan shugʻullanishni istagan 50 nafar fuqaroga 20 sotixdan teng tavqsimlab berilgan. Bu yerda yilning istalgan paytida hosil yetishtirish maqsadida issiqxonalar tashkil etilib, bir xil qishloq xoʻjaligi mahsuloti, yaʼni, birinchi ekinga fevral-iyun oylarida serhosil navlarga mansub pomidor ekib yetishtirildi.
Shu kunlarda pomidorni toʻliq yigʻib-terib olib, aholi dasturxoniga yetkazayotgan mirishkorlar hosildan boʻshayotgan yerda takroriy ekinga tayyorgarlik koʻrishmoqda. Ikkinchi hosilga avgust-noyabr oylarida bodring, yana sarimsoqpiyoz va koʻkatlar ekib yetishtirish koʻzda tutilgan.
Ayni kunda madaniy hududdan, unumdor va sugʻorishga qulay konturdan ajratilgan 10 gektar yer maydoni 500 nafar talabgorga berilgan boʻlsa, pishiqchilik mavsumida hosilni saranjomlash uchun yana oʻnlab qoʻshimcha ishchi kuchi jalb qilinadi. Demak, qoʻshimcha yana oʻnlab oilaning moddiy manfaatdorligi shu yerda qilinayotgan mehnat tufaylidir.
Loyihada buyurtmachi, taʼminotchi agregator sifatida "Nodirabegim Shaxzodbek Shohijahon” oilaviy korxonasi tanlab olingan. Hosildorlikka kelsak, har bir gektar yer maydoni uchun birinchi hosilda oʻrtacha 60 tonnaga yaqin mahsulot yetishtirildi va har kilogram pomidor mahsuloti oʻrtacha 10 ming soʻmdan sotildi. Ikkinchi hosilda esa har bir gektar yer maydonidan oʻrtacha 20-30 tonna mahsulot, yaʼni bodring yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Xulosa shuki, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha dehqon-mirishkorlar moddiy ahvolini yaxshilash bilan birga qishloq joylarda ish oʻrinlarini yaratish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarni bozor talabiga mos ravishda yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






