Buxoro futzali yetakchilik mavqeini saqlab qoladi!
2025-07-03 15:45:00 / Yangiliklar

Tadbirni viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Zaripov kirish soʻzi bilan ochdi va mamlakatimizda futbolni, uning ajralmas qismi futzalni rivojlantirish masalasi doimo hukumatimiz, shaxsan yurtboshimizning diqqat-eʼtiborida turganligini alohida eʼtirof etdi.
Uchrashuvda Buxoro futzalining bugungi holati, jamoalarning respublika musobaqalaridagi ishtiroki, istiqbolda turgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov Buxoro mamlakatimiz futzalida yetakchi oʻrinlarda borayotganligini qayd etarkan, futzal boʻyicha 2024-yilda oʻtkazilgan jahon chempionati munosabati bilan Buxoro shahrida jahon andozalariga javob beruvchi muhtasham sport zali qurib foydalanishga topshirilgani, futzal boʻyicha viloyat bosh jamoasi “Oil Star” esa soʻnggi yillarda mamlakat milliy chempionati – Oliy liga musobaqasida chempionlik uchun kurashib kelayotganligi, ketma-ket ikki mavsum Oʻzbekiston kubogi finaliga chiqqanligi xususida toʻxtaldi.
Shu bilan birga, Buxoroda mazkur sport turini yanada rivojlantirish yuzasidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, Buxoro shahrida mamlakat chempionatl hamda Oʻzbekiston kubogi bahslarini qabul qiluvchi inshootlar mavjudligi, ammo ularni reglament talablari asosida jihozlash, muxlislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, teletranslyatsiyalar uchun qoʻshimcha qulayliklar hozirlash kabi masalalarni hal etish kerakligi taʼkidlandi. Shuningdek, Oliy liga hamda Oʻzbekiston kubogi tur oʻyinlarini “Universal” sport majmuasida tashkil qilish, "Oil Star" futzal akademiyasini qurish, klub qoshida ayollar futzali jamoasini tashkil etish boʻyicha ham fikr almashildi.
Botir Zaripov Oʻzbekiston futzal federatsiyasi prezidenti tomonidan bildirilgan har bir taklif boʻyicha ishlarni tashkil etish yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga koʻrsatma va topshiriqlar berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








