Botir Zaripov Kogon va Buxoro tumanlari fermerlari bilan ham muloqot qildi
2025-07-01 19:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida gʻallachilikda erishilgan muvaffaqiyatlar eʼtirof etildi. Shu bilan birga belgilangan shartnomaviy rejani uddalay olmagan xoʻjaliklar faoliyati tanqidiy-tahlil qilindi.
Bu borada oʻtkazilgan oʻrganish natijalari ham muhokama qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Ayniqsa, hozirgi issiq ob-havoda hosilni saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar, gʻoʻzani toʻgʻri parvarish qilish, jumladan, chilpish, oʻgʻitlash, sugʻorish, sharbat suvlari berish, suspenziyalash kabi tadbirlarni muddatida va sifatli amalga oshirish boʻyicha fermer xoʻjaliklari rahbarlariga koʻrgazmali tarzda tushuntirib berildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan fermerlar mavjud muammolari bilan viloyat rahbariga yuzlanishdi. Xususan, suv taʼminotini yaxshilash, nasos stansiyalarni taʼmirlash, mineral oʻgʻit, yoqilgʻi hamda ish haqlariga bank tomonidan oʻz vaqtida resurs ajratib berish, klaster va fermerlar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish kabi masalalar oʻrtaga tashlandi.
Botir Zaripov bu borada masʼul rahbarlarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Bundan tashqari, viloyat rahbari gʻoʻza parvarishini kechiktirmaslik, gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekish, quyosh panellari oʻrnatish hamda suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish boʻyicha ham tavsiyalarini bildirdi.
Qolaversa, eksport salohiyatini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholining arzon va sifatli mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Bu kabi uchrashuv va muloqotlar hududlarda davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




