Buxorolik gʻallakorlar ulkan mehnat gʻalabasiga erishdi
2025-07-01 09:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilda viloyatdagi 3 ming 10 ta fermer xoʻjaligi tasarrufidagi 65 ming gektar maydonga bugʻdoyning “Alekseevich”, “Valena”, “Vassa”, “Grom” “Tanya” kabi saralangan navlari ekilib, sifatli parvarishlandi.
Gʻalabaning asosiy poydevori – fermerlarning yerga alohida mehr bilan qaragani, yaʼni qadalgan dondan boshlab uni parvarish qilish, agrotexnik qoidalarga amal qilish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hosildorlikning moʻl boʻlishiga zamin yaratdi.
Muhimi, mavsumda otryadlar, mexanizatorlar, agronomlar oʻzaro hamjihatlikda, uyushqoqlik bilan ish olib bordi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan don yetishtirishning klaster usuliga oʻtkazilgani esa yerga, mulkka egalik hissini, gʻallakorlarning moddiy manfaatdorligini yanada oshirdi.
Qolaversa, Prezidentimizning “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy qarori qabul qilinib, gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtilgani gʻallachilik klasterlari va fermerlarga bugʻdoyni bozor narxida toʻliq erkin sotish huquqini berdi.
Bundan ruhlangan buxorolik gʻallakorlar oʻrim-yigʻim tadbirlarini ham uyushqoqlik bilan koʻtarinki ruhda tashkil etishdi.
Yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olish uchun viloyatdagi mavjud 215 ta kombayndan otryad shakllantirildi.
Otryadlarga 900 dan ortiq yuk avtomobillari, 32 ta koʻchma ustaxonalar, 43 ta yonilgʻi tashish vositalari biriktirildi.
Gʻalla hosilini yetishtirish va davlatga don sotish boʻyicha Vobkent, Peshku, Gʻijduvon, Jondor, Romitan va Buxoro tumanlari dehqon va fermerlari jonbozlik koʻrsatdilar.
Ayniqsa, Romitan tumanidagi “Fayz-2000”, “Davron Bozor Sunnatbek”, Jondor tumanidagi “Saddam”, “Kichkintoy Shukurjon Zamini”, Gʻijduvon tumanidagi “Hurmatbibi Kumush Omadi”, “Tillo”, “Shodimurod” Shofirkon tumanidagi “Alpomish”, “Otabek Anvar”, fermer xoʻjaliklari har gektar maydondan oʻrtacha 90-100 sentner, Vobkent tumanidagi “Sobir Suxrob Bobir”, “Qoʻndi Gavhar”, “Gulbahor Gulnora” fermer xoʻjaliklari 85-95 sentnerlik hosildorlikka erishdilar.
Yana bir eʼtiborli jihati, ogʻir iqlim va yer sharoiti boʻlishiga qaramasdan viloyatimiz gʻallakorlari viloyat qishloq xoʻjaligi tarixida birinchi marotaba gektarlar hosildorligini oʻrtacha 80 sentnerga yetkazishdi.
Yetishtirilgan gʻalla hosilidan 1 trln 410 mlrd soʻmlik daromad moʻljallanayotgan boʻlsa, shundan naqd 620 mlrd soʻmi sof daromaddir. Qolaversa, shartnomaviy rejadan tashqari 340 ming tonnadan ortiq yetishtirilgan hosilning fermer xoʻjaliklari tasarrufida qolishi xoʻjalik ishchilarining moddiy manfaatdorligi va iqtisodiy farovonligini yanada oshirish imkonini beradi.
Joriy yil hosilidan fermer xoʻjaliklari tomonidan otaliqqa olingan kambagʻal oilalarga 17 ming 430 ta xonadonlarga 250 kg dan bugʻdoy, 20 donadan somon gʻarami yetkazib berilmoqda.
Shu bilan birga gʻalla oʻrim-yigʻimini qisqa muddatda tugatib, belgilangan 62 ming gektar maydonga takroriy ekinlar ekish ishlari qizgʻin boshlab yuborildi.
Gʻalladan boʻshagan maydonlardan 10 ming 649 gektari ayni paytda mahallalarda ijtimoiy muhofazaga olinib, alohida toifalangan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan oʻrin olgan jami 30 mingdan ortiq fuqaroga takroriy ekin yetishtirish uchun ajratib berilmoqda. Shu jumladan, 9390 nafar yoshlar vakiliga 5680 gektar yer maydoni takroriy ekin ekin uchun 25-30 sotixdan tarqatib berilgani ham ularga yana bir imkoniyatdir.
Buxorolik gʻallakorlarning erishgan ulkan yutuqlari mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligiga munosib sovgʻa boʻlib, ular bundan keyin xam fidokorona mehnat qilib, yanada yuksak natijalari bilan el-yurt uchun xizmat qilaveradi.
Mehnat zafaringiz muborak boʻlsin, buxorolik aziz gʻallakorlar!







