Buxoroda kambag'allik va tenglikni baholash boʻyicha hududiy maslahatlashuv seminari boʻlib oʻtdi
2025-06-30 19:45:00 / Yangiliklar

Viloyat shahar va tumanlarida aholi turmush shart-sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash dasturlari natijadorligiga erishishda yangicha yondashuv va toʻplangan milliy tajribani qoʻllash chora-tadbirlarini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga bagʻishlangan maslahatlashuv seminarini “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov olib bordi.
Yuqorida qayd qilingan mutasaddi tashkilot va idoralar masʼullari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hududiy boʻlinmalari xodimlari, omaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan muhokama yigʻilishida viloyatimizda xizmat safari bilan boʻlib turgan “Jahon banki” amaliyot menejeri va iqtisodchilari Anbar Narayan, Obert Pimhidzai, Ikuko Uochi, Vondimagegn Tesfaye, Adesola Sunmoni, shuningdek, respublika Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abbos Omonov, viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshligʻi Botir Ahmedovlar soʻz oldilar.
—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentyabr kuni “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi PF-143-sonli farmoni va shu kuni “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-330-son qarorlari qabul qilingan,—dedi oʻz soʻzida viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Botir Ahmedov.—Respublikamizda barqaror va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari taʼminlanganligi sababli kambagʻallik darajasi 2019-yildagi 23 foizdan 2024-yilga kelib 8,9 foizga qisqartirishga imkon yaratdi. 2025-yil yakuni bilan kambagʻallikni 6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Joriy yilda Buxoro va Kogon shaharlari kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi. Jumladan, 20 605 nafar aholi bandligi taʼminlanadi, shundan 7 568 nafar doimiy ishlarga joylashtirilib, 6 866 nafari tadbirkorlikka jalb qilinadi.
Bu jarayonda 13 203 nafar kambagʻal oila aʼzosi kambagʻallikdan chiqariladi. Binobarin, bu hududlarda jami kichik va oʻrta biznesga 1 trillion 363 milliard soʻm, shundan 153,6 milliard soʻm imtiyozli kredit sarmoyasi ajratilmoqda. Xususan, ogʻir toifadagi 4 ta tumanda, jumladan, Vobkent, Jondor, Olot, Shofirkon tumanlarida kambagʻallik va ishsizlikni keskin kamaytirish choralari koʻrilmoqda.
Jumladan, hududa 71295 nafar aholi bandligi taʼminlanadi. Shundan 18472 nafar doimiy ishlarga joylashtiriladi 28 867 nafari tadbirkorlikka jalb qilinadi, shu tariqa 26 451 nafar kambagʻal oila aʼzosi kambagʻallikdan chiqariladi.
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Viloyatda kambagʻallik darajasi yuqori, infratuzilmasi “ogʻir” toifadagi 55 ta mahalla tanlab olingan. Hisob-kitoblarga koʻra, bu mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika byudjeti hisobidan 164,1 milliard soʻmlik 142 ta loyiha shakllantirilgan. Jumladan, aholi tomorqalarini sugʻorish uchun tarmoqlarni yaxshilash maqsadida 89,8 milliard soʻmlik, elektr tarmoqlarini yaxshilash maqsadida 32,3 milliard soʻm hamda ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun 42 milliard soʻmlik loyihalar manzilli ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda sugʻorish tarmoqlarini yaxshilash maqsadida viloyat tumanlarida 11 dona sugʻorish nasosi, 38 ta sugʻorish qudugʻi oʻrnatilgani holda 101 kilometr masofadagi sugʻorish tarmogʻi betonlashtirilgani bu yerlarda tomorqa egalari tomonidan barakali sabzavot-poliz mahsulotlari ekib yetishtirilayotgani dalolati. Muhimi, aholi tomorqa yerlarini sugʻorish tizimi yaxshilanayotgani evaziga jami 16018 ta xonadonning 4,3 ming gektar tomorqa yeridan ikki-uch marotaba xosil olishi va tomorqa daromadi oldingi oʻrtacha 2 million soʻmdan 4-5 million soʻmga yetkazildi.
Bundan tashqari, viloyatni ishsizlikdan holi hududga aylantirish hamda kambagʻal oilalarni kambagʻallikdan chiqarish maqsadida “ijtimoiy.buxoro.uz” elektron platforma dasturi ishlab chiqilgan. Shahar va tumanlar sektor rahbarlari 544 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi “mahalla yettiligi” ishtirokida “ijtimoiy.buxoro.uz” elektron platforma dasturiga masʼul boʻlgan xodimlar tomonidan oʻquv seminarlari tashkil etib, Buxoro shahridagi “Koʻkaldosh” mahallasi misolida ishsiz, kambagʻal oila, migratsiyadan qaytgan, ijtimoiy reestrda turuvchi fuqarolar va probatsiya roʻyxatida turgan shaxslarni xonadonbay yurib aniqlash va dasturga kiritilishi amalda koʻrsatib berilgan.
Umuman, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar eʼtirof etilgan, nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbiri belgilangan kambag'allik va tenglikni baholash boʻyicha hududiy maslahatlashuv seminarida qatnashganlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








