Olotda 250 MVt soat quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi barpo etildi
2025-06-30 09:35:00 / Yangiliklar

“Masdar” kompaniyasi tomonidan bunyod etilayotgan mazkur stansiya quvvati 250 MVt soatga teng boʻlib, toʻliq quvvatda ishlab chiqarishni 2025-yil iyul oyida boshlashi maqsad qilingan va hademay bu reja amalga oshiriladi.
Viloyat hokimining oʻrinbosari Jalol Arashov va tuman hokimi Nargiza Neʼmatovalar bu inshootdagi qurilish ishlari bilan tanishib, ishchi-mutaxassislar ishini koʻzdan kechirishib, soʻnggi panelni oʻrnatishda oʻzlari guvoh boʻldilar. Shu yerda “Masdar” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazilib, loyihaning joriy holati va istiqboli yuzasidan fikr almashildi.
Loyihaning asosiy koʻrsatkichlariga toʻxtalsak, muqobil energiya manbai qiymati 180 million AQSH dollariga teng boʻlib, stansiya quvvati 250 MVtni, yillik ishlab chiqarish hajmi 635 million kVt soatni tashkil etadi.
Mazkur loyiha doirasida Olot tumani choʻlga tutash manzilidan ajratilgan 649 gektar yer maydonida qurilish ishlari oʻndan ortiq pudratchi tashkilot tomonidan olib borildi. Bunda jami 1,5 ming nafarga yaqin ishchi-mutaxassisning bandligi taʼminlandi. Ularning mingdan oshigʻi mahalliy aholi vakillaridir.
Mazkur muqobil energiya manbaiga kelsak, stansiyaning afzalliklari shundaki, avvalo elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz sarfi yiliga 270 million kub metrga tejaladi. Bunda qurilish ishlari 2,3 million soat xavfsiz mehnat hajmini tashkil etishi, xomashyo va zarur uskunalar toʻgʻridan-toʻgʻri Xitoydan olib kelib oʻrgnatilgani, hozirda elektr energiyasini tarmoq orqali dastlabki uzatish ishlari amalda boshlangani katta ahamiyatga ega.
Mutaxassislar hisob-kitoblaricha, ushbu loyiha nafaqat olis hudud energetik mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi, balki mahalliy aholi bandligini taʼminlash, “yashil energetika” va ekologik barqarorlikni yoʻlga qoʻyish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





