Qo'rako'l: Gulshirin Hamroyeva kichik korxonasida 10 nafar chevarning bandligi taʼminlandi
2025-06-26 10:35:00 / Yangiliklar

Soʻnggi bir yilda mahalladagi oʻrganishlar natijasida ishsiz va daromadsiz deb topilgan fuqarolarning 374 nafari layoqati, xohish-istagiga binoan ishga joylashtirilgan boʻlsa, xuddi shunday, 214 nafarini oʻzini oʻzi band qilishga, 174 nafarini mavsumiy ishlarga jalb qilishga koʻmaklashilgan.
Tashabbuskor va biznes ishini yuritmoqchi boʻlgan yigit-qizlardan 191 nafariga umumiy qiymati qariyib 4 milliard soʻm miqdorida tijorat banki kredit sarmoyasi ajratilib, ular tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun madad berilmoqda.
Ayni kunda Qulonchi hududida 2 ta yuridik korxona, 9 ta yakka tartibdagi 17 ta masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritib, aholiga ishlab chiqarish, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish tarmoqlarida kamarbasta boʻlmoqda. Bu kichik korxonalarning tuman iqtisodiyotiga munosib ulushi bor, albatta.
Shu hududda yashovchi Gulshirin Hamroyeva mahalladagi hokim yordamchisining koʻmagi bilan tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyganlardan. Muhimi, loyiha tufayli mahalladagi chevar xotin-qizlardan bir guruhining bandligi taʼminlanmoqda.
— Mazkur tikuvchilik korxonamizda bugunga kelib 10 nafar chevar tikuvchi ishlayotgan boʻlsa, ularning aksariyati hududda kam taʼminlagan oilalar bekalari va qizlari,—deydi tikuvchilik korxonasi rahbari Gulshirin Hamroyeva.—Olayotgan oylik maooshlari esa kunlik bajarayotgan ishlaridan kelib chiqib, 2 million soʻm atrofida tayinlangan. Qolaversa, mahallamizdagi yana 5 nafar xotin-qizga kasanachilik orqali buyurtmalar berib turibmiz. Bundan tashqari, tuman politexnikumi oʻquvchilari, yosh chevarlar ham darsdan soʻng kasb-hunar oʻrganish uchun seximizga qatnamoqda.
Tuman hokimligi va tadbirkor hamkorligida mazkur tikuvchilik korxonasi faoliyati qoʻllab-quvatlanib, mahsuldorlik, ish oʻrni va daromadni koʻpaytirish choralari koʻrilmoqda. Zero, yangi ish oʻrinlari aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







