Buxoro va Guandun tadbirkorlari Federatsiyasi tashkil etiladi
2025-06-25 11:45:00 / Yangiliklar

Oʻzaro teng manfaatli bu hamkorlikka viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiyaning shu yil 12-19-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻlib, hamkorlar bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni batafsil muhokama qilganligi, salohiyatli investorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, yirik ishlab chiqarish obyektlari joyiga borib koʻrilganligi hamda kompaniyalar bilan oʻzaro samarali hamkorlik kelishuvlariga erishilganligi zamin yaratmoqda.
Bugun viloyat hokimligida hududlar oʻrtasida oʻzaro savdo, texnologiya va investitsiya hamkorligini kuchaytirish, Xitoyning Guandun provinsiyasi yetakchi kompaniyalari qurilish, tibbiyot, maishiy texnika va texnologiya, qishloq xoʻjaligi, elektronika sohalarida teng manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan buxorolik hamda xitoylik ishbilarmon doira vakillari, tadbirkorlarning navbatdagi muloqoti tashkil etildi.
Samimiy ruhda kechgan muloqotda viloyat hokimi Botir Zaripov hamda xorijiy delegatsiya rahbari, Guandun provinsiyasi yashil ishlab chiqarish sanoati hamkorlik qoʻmitasi boshligʻi Uilyam Lin soʻzga chiqishib, kelishuvlarga erishilgan biznes loyihalarni oʻzaro ishonch va teng manfaatli hamkorlik asosida amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari, konstruktiv takliflarini bayon etdilar.
— Soʻnggi kunlarda Xitoy ishbilarmon doira vakillari bilan olib borilgan muzokaralarga muvofiq, Buxoro viloyati va Guandun provinsiyasi tadbirkorlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi uyushma — Federatsiya tashkil etishga kelishildi, – dedi Botir Zaripov. — Bu imkoniyat mahalliy tadbirkorlarimiz uchun jahonda shiddat bilan rivojlanayotgan Xitoy bozoriga kirish imkoniyatidir.
Buning uchun Buxoro va Guandunda alohida “shou room”lar ochib, ikki tomon savdo aloqalarini rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar targʻibotini kuchaytirish, biznesʼhamkorlar topish mumkin boʻladi. Ayni kunda hududda 1 gektar yer maydoni tanlangan va dastlabki bosqichda mebelsozlikni rivojlantirishga doir amaliy ish boshlanmoqda. Endi tadbirkorlarimiz bevosita xitoylik biznes vakillari bilan yaqin hamkorlikda biznes loyihalarini roʻyobga chiqarishi, eksport-import operatsiyalarini kengaytirishi, mahsuldlorlikni va moddiy manfaatdorligini oshirishi uchun qulay muhit yaratilmoqda.
Shundan soʻng viloyat hokimining oʻrinbosari Rizo Asadov soʻzga chiqib, muzokaralarda erishilgan kelishuvlar natijasida ikki mamlakat hududlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilk qadamlar sifatida tomonlardan 20 tadan ishlab chiqarish korxona va kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir keng imkoniyatlar yaratilganligi qayd etildi.
Oʻz navbatida, viloyat hokimi Botir Zaripov nafaqat mebelchilik, balki boshqa yoʻnalish va tarmoqlarda, masalan, logistika, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, pillani qayta ishlash, mevalarni quritish va qadoqlash kabi yoʻnalishlarga investitsiya jalb qilish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
Muloqotda hozir boʻlgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







