Botir Zaripov Peshku tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari va g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarning borishini ko‘zdan kechirdi
2025-06-23 21:15:00 / Yangiliklar

Joriy yil hosili uchun tumanda 316 ta fermer xoʻjaligi tomonidan jami 5 ming 412 gektar maydonga kuzgi bugʻdoy ekilgan boʻlib, shundan 38 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 941 gektar maydonda urugʻlik gʻalla ekib yetishtirildi. Jadal borayotgan oʻrim-yigʻimda hademay, fermer xoʻjaliklari va ularga koʻmaklashayotgan mexanizatsiyalashgan jamoa, kombayn operatorlari koʻmagida tumanda davlat xaridi boʻyicha 16 ming 191 tonna gʻalla sotish maqsad qilingan.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov peshkoʻlik dehqon mirishkorlar dalalarida boʻlib, bugʻdoy oʻrim-yigʻimining borishi, shuningdek, gʻoʻza parvarishlanayotgan maydonlarda borayotgan kechiktirib boʻlmas agrotexnik tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, tumanda "Buxoro servis agroklaster" MCHJ tomonidan har yilgi rizq-roʻz manbai—gʻalla yetishtirish mavsumida 350 gektar maydonda sara navli bugʻdoy hosili parvarishlanib, barakali xirmon barpo qilinmoqda. Mirishkor gʻallakorlar mavsumni yuqori kayfiyatda, yalpi xirmonni 2400 tonnadan oshirish harakatidalar.
Shu kecha-kunduzda hududda peshqadam gʻallachilik xoʻjaliklaridan "Varaxsha nurli zamini", "Musaffo zamin gulshani", “Xudoyor Mavlon”, “Choriqulobod” ,"Gʻanisher Alisher”, "Zilola oltin tolasi" , "Narzullo Mirzo", "Peshku tarovati", "Ziyo Xol Umed-17", “Jahongir Eʼzozbek barakasi”, “Toʻra”, “Oltirabot tulpori”, “Turon”, “Malishoyak” kabi fermer xoʻjaliklarida bugʻdoydan har gektar hisobida 75 sentnergacha hosil olish tajribasi shakllangan.
Gʻalla bilan birga, aynan "Buxoro servis agroklaster" MCHJ jamoasi tajribali fermer Farhod Rahimov rahbarligida joriy mavsumda 430 gektar yerda Xitoydan keltirilgan “Shinjon-57” va “Xin Lui Zao” naviga mansub chigitni erta bahor kunlarida qoʻshqator uslubda, plyonka ostida ekib, undirib, tomchilatib sugʻorish tarmogʻi joriy qilingan konturlarda gʻoʻza parvarishini talab darajasida olib bormoqdalar. Shu kunlarda ekin yerlari kultivator ishlovidan soʻng “obi hayot”ga qondirilmoqda.
Masʼuliyati cheklangan jamiyatida birinchilardan boʻlib, quyosh panellari oʻrnatilgan va bu muqobil energiya manbai nasos agregatlaridan oʻz vaqtida va samarali foydalanishda, qolaversa, ehtiyojdan oshiqcha ishlab chiqarilayotgan elektr tokini davlatga sotishda juda qoʻl kelmoqda.
Shuningdek, "Koʻrkam Peshkoʻ zamini" fermer xoʻjaligining ayni paytda 65 gektar yer maydonida borayotgan agrotexnik tadbirlar, gʻoʻza parvarishi hamda bugʻdoy oʻrim-yigʻimi viloyat rahbarining eʼtiboridan chetda qolmadi.
Xoʻjalik mirishkorlari bu yil 24 gektar maydonda sara navli boshoqli don yetishtirib, davlat xaridiga muvofiq hademay 90 tonna bugʻdoy xirmonini barpo etishga yaqin turishibdi. Xoʻjalik omborida qoldiriladigan moʻl hosil esa xoʻjalik jamoasi moddiy manfaatdorligiga sarflanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



