“Havzi-nav” mahallasida chevar Nargiza Bozorova oʻz tikuv sexiga ega boʻldi
2025-06-21 14:35:00 / Yangiliklar

Bu yangilik bir xonadon bekasining tikuvchilik bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratdi. Ayni paytda u oʻz mijozlariga ega boʻlgan qoʻli gul hunarmand sifatida faoliyatini yoʻlga qoʻygan. Ayni kunda u xotin-qizlar kiyim-kechaklari, kelinchaklar liboslarini bejirim tikib tayyorlab berib, mehnatiga yarasha moddiy manfaat topmoqda.
Shahar hokimining mahalladagi yordamchisi koʻmagida Nargiza Bozorovaning faoliyatini kengaytirish maqsadida 33 million soʻm miqdoridagi imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgani ayni kutilgan ish boʻldi. Amaliy yordam samarasi oʻlaroq, chevar Nargiza Bozorovaning oʻziga boʻlgan ishonchi oshib, yakka tartibdagi ishini kichik korxona koʻrinishidagi sexga aylantirish fikri tugʻildi.
Endilikda shu birgina xayrli ish ortidan yana 3 nafar mahalladosh xotin-qizning bandligi taʼminlanmoqda. Ular ham Nargiza chevardan hunar sirlarini oʻrganib, kundalik tushayotgan buyurtmalarni bejirim tikib tayyorlab berishga diqqat-eʼtiborlarini qaratdilar.
Ustoz-shogird anʼanasi asosida bir–biri bilan dugonaga aylangan chevarlarning mashaqqatli mehnati ortidan kelayotgan daromad ham moʻmaygina boʻlib, bir oylik sof foyda 6-7 million soʻmni tashkil etayotgani ularga ishga boʻlgan qiziqish va kuch-quvvat bagʻishlamoqda. Buyurtmaga asosan daromadga ega boʻlishib, oilalariga qoʻshimcha sarmoya kiritishmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi saʼy-harakat avvalo, xotin-qizlar oʻrtasida ijtimoiy faollikni oshirish, ularning hayot darajasi, turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





