Qorovulbozor: Jarqoqda “Muborak Zarbuloq” fermer xoʻjaligida moʻl hosil yetishtirilmoqda
2025-06-21 13:45:00 / Yangiliklar

Shundan davlat xaridiga binoan 16 ming tonnaga yetkazib shartnomaviy rejani bajarish maqsad qilingan. Tashkiliy jihatdan, hududda taʼminotchi va donni qayta ishlovchi “Buxoro Agrocluster” va “ARK Yeco textile” MCHJlari tomonidan bugʻdoy hosilini sifatli oʻrib-yigʻib olishga yetarlicha don tashuvchi avtomashina, xuddi shunday, dala boshida yoqilgʻi taʼminoti va texnik xizmat koʻrsatuvchilar jalb qilingan.
Gʻalladan boʻshagan yerlarda esa takroriy ekinga tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Joriy mavsumda choʻlquvarlar zaminida jami 4257 gektar yerda takroriy ekin sifatida sabzavot-poliz mahsulotlari va dukkakli oʻsimliklar ekib yetishtirish maqsad qilingan. Bunda qariyb 4 ming gektar yer maydoni aynan hosili oʻrib olinayotgan gʻallazor hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Choʻlquvarlar zamini oʻziga xos issiq va murakkab iqlim sharoitida mahalliy fermerlar alohida jonbozlik koʻrsatishmoqda. Shunday mirishkorlardan biri “Jarqoq” Mahalla fuqarolar yigʻinidagi Botir Yoʻldoshev boshliq “Muborak Zarbuloq” fermer xoʻjaligi va uning mehnatkash jamoasidir.
Ilgʻor xoʻjalikda jami 197 gektardan iborat ekin yerida sara gʻalla va sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo—paxta yetishtirib kelinadi. Shu kunlarda fermer xoʻjaligida gʻalla oʻrimi qizgʻin davom etmoqda. Davlatga 272 tonna gʻalla sotish reja qilingan. Xoʻjalikda yalpi barpo qilinadigan sara don xirmonini 500 tonnaga yetkazish maqsad qilingan.
—Kech kuzda yerimizga “Aleksandr”, “Starshina”, “Tanya” kabi serhosil navlarga mansub gʻalla ekib parvarishni boshlaganmiz. Bugunga kelib hosilimiz ham mehnatimizga yarasha barakali boʻldi,—deydi fermer Botir Yoʻldoshev.—-Har yili gʻalla rejasini ortigʻi bilan bajarib, xoʻjaligimiz aʼzolari bilan birga moddiy-texnik imkoniyatlarimizni yaxshilab kelmoqdamiz. Bu yil ham 200 tonna atrofidagi bugʻdoyni mehnatkash jamoamiz moddiy manfaatdorligiga sarflashni niyat qilganmiz. Olinadigan daromaddan yuqori unumdor texnika vositasini xarid qilish ham rejamizda bor.
“Muborak Zarbuloq” fermer xoʻjaligi joriy yil erta bahorida 97 gektar yerda paxtaning “Buxoro-8” hamda Xitoy istiqbolli navlariga mansub chigitlaridan ekib, agrotexnik tadbirlarni talab darajasida olib bormoqda. Yer bilan “tillashib” zarur natija va hosilga erishayotgan mehnatkashlar xoʻjaligida shu kunlarda gʻoʻza qator oralariga ishlov berish ishlari avjida. Oʻz ishiga sidqidil yondashib, mehnatidan yuqori muvaffaqiyatlarga erishayotgan dehqon fermerlarimiz bor ekan, omborlarimiz donga, dasturxonlarimiz nonga toʻlib boraveradi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









