Jondor: “Oytugʻdi” va “Ibn Sino” MFY larida qariyb 6 kilometr ichki yoʻl asfaltlashtirilmoqda
2025-06-18 11:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, Lolo, Luqmon, Quyi Luqmon, Xumin, Darveshi, Poʻloti, Ushot, Aleli, Navgadi kabi mahalla fuqarolar yigʻinlarida yashovchi aholi uchun risoladagidek yoʻl, xavfsiz qatnov uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Muhimi, yoʻl solishdek xayrli ishda mahalliy faollar, tadbirkorlik subyektlari qoʻllab-quvvatlashi bilan bu ishlar keng quloch yoymoqda.
Aholi uchun qulaylik yaratish, ichki infratuzilmani yaxshilash maqsadida tumanda yoʻlsozlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, “Oytugʻdi” MFY dagi ichki yoʻlning keyingi paytda taʼmirtalab koʻrinishga kelgan 3 ming metr qismiga asfalt bostirilmoqda.
Mazkur loyihani roʻyobga chiqarishda pudratchi "AMIRBEK GOLD WAY SERVICE" MCHJ ishchi-mutaxassislari jonbozlik koʻrsatishmoqdla. Hozirda bu yoʻlning ikki yoqa tomoni boʻylab 1 metr kenglikda shagʻallashtirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyiha umumiy qiymati 1 milliard 499 million soʻmni tashkil etadi.
Shuningdek, tumandagi “Ibn Sino” MFY ga qarashli Boʻstonobod qishlogʻidagi ichki yoʻlning 2600 metr qismini asfaltlashtirish ishlari ham yakuniga yetkazilmoqda. Bu ishlar mahalliy pudratchi "BAHODIR CHAROS DILROZ" MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Mazkur manzildagi yoʻlsozlik ishlari ham mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan 1 milliard 499 million soʻmga moliyalashtirilgan.
Asosiysi, koʻp yil oʻnqir-choʻnqir boʻlib, aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlib kelayotgan koʻcha va yoʻllardagi tashvish-muammo bugunga kelib yechimini topayotganidan, yoʻlovchi va haydovchilarga qulay shart-sharoit yaratilayotganidan mahalla ahli xursand.
Umuman, joriy yil birinchi yarmida tumanda umumiy uzunligi 60 kilometrga yaqin yoʻlni taʼmirlash va asfaltlashtirish chora-tadbiri koʻrilmoqda. Ushbu loyihalar yoʻllarning sifatini yaxshilash, aholining harakatlanishini qulaylashtirish va yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







