Olot: "Gʻanchi Chandir" mahallasida yangi maktabgacha taʼlim muassasasi qad rostladi
2025-06-18 11:15:00 / Yangiliklar

Bugunga kelib chekka Olot tumanida jami maktabgacha taʼlim tashkiloti 79 taga yetkazilgan boʻlib, shundan 29 tasi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti maqomiga ega. Ularda hozirda jami 135 guruhdan 130 ta kuni uzaytirilgan guruh, 5 ta qisqa muddatli guruh faoliyat yuritib kelmoqda. Xuddi shunday, tumanda 2 ta davlat xususiy-sherikchiligi asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 48 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti mahalla va qishloqlardagi oʻnlab, balki yuzlab bolajonni oʻz bagʻriga olmoqda.
Bugunga kelib tumanda 3-7 yoshli bolalar soni 8 ming 200 nafarga yetgan boʻlib, shulardan hozirda maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan jajji oʻgʻil-qiz soni 5 ming 550 nafarni yoki 70 foizni tashkil qilmoqda. Tahlillardan ayonki, bu bolalarning 4 ming 90 nafari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, 170 nafari davlat xususiy-sherikchiligi asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotiga hamda 1 ming 305 nafari oilaviy nodavlat-maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qatnamoqda.
Olis hudud aholisi talab va istaklari asosida yaqinda "Gʻanchi Chandir" mahallasida ham shunday ezgu saʼy-harakat natijasida yangi, zamonaviy 26-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etildi. Bu ayni kunda 2 mingdan ortiq aholi farzandlari uchun yaratilayotgan qulaylik, ularni erta savodini chiqarish maqsadida roʻyobga chiqarilayotgan xayrli loyiha. Ushbu muassasa 90 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega boʻlib, barcha zarur shart-sharoit va jihozlar bilan taʼminlanmoqda.
Bogʻcha binosi milliy meʼmorchilik uslubida, zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilgan. Unda tarbiyalanuvchilar uchun yorugʻ va qulay oʻquv-tarbiyaviy xonalari, yotoqxona, oshxona, tibbiyot xonasi, musiqa va sport zallari, shuningdek, ochiq havoda oʻyin maydonchalari mavjud.
Yangi muassasani yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shu kabi zamonaviy bogʻchalar soni ortishi olis tumanda yosh avlodning intellektual, jismonan va ruhan rivojlanishiga zamin yaratadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









