Afgʻoniston Davlat korporatsiyasi delegatsiyasi—Buxoroda
2025-06-13 17:55:00 / Yangiliklar

Taʼkidlash joizki, ushbu tashrif Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning amaliy ifodasi boʻlib, ikki tomonlama munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, Afgʻoniston Davlat korporatsiyasi bosh direktori Ahmadjon Bilol boshchiligidagi qoʻshni davlat delegatsiyasini Buxoro viloyati hokimining oʻrinbosarlari Botir Shahriyorov va Aziz Qalandarovlar qabul qildilar.
Muzokarada Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari Dilshod Rasulov ham ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika va agrar sohalarda, shuningdek, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalar borasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish borasida muayyan yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, Buxoro va Qobul shaharlari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Umuman, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar soni ortmoqda. Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida biznes tashriflari va koʻrgazmalar muntazam oʻtkazilmoqda. Joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida savdo uylari ochilgani oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun imkoniyatdir.
Samimiy muloqot tarzida oʻtgan muzokarada afgʻon ishbilarmon doiralari vakillari Buxoroga taklif qilinib, ularga hududdagi investitsiyaviy muhit, biznes vakillariga yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Jumladan, yengil sanoat bilan birga agrokompleks, qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirishda ilgʻor tajribalarni oʻrganish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini kengaytirish xususida fikrlashildi. Bu esa oʻz navbatida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif dasturiga koʻra, delegatsiya viloyatdagi yirik korxona va firmalar faoliyati bilan yaqindan tanishadi, tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarda sayohatda boʻladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






