Shofirkon: quyosh panellari ekin yerini sugʻorishda ham energiya manbai boʻlmoqda
2025-06-13 14:20:00 / Yangiliklar

Tumanda suv taʼminotini yaxshilash va qishloq xoʻjaligi yerlarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida quyosh panellarini oʻrnatish ishlari kengaymoqda. Jumladan, ayni kunda hududda “Shavqiddin Jamshid”, “Oʻktam Latif Saxiy”, “Bafo bobo Choʻpon ota”, “Zumrad”, “Bodimax” va “Eʼzozbek Rasul bobo” fermer xoʻjaliklarida jami 380 kVt soat quvvatga ega boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilishi allaqachon boshlangan. Bu loyihalar uchun “Agrobank” ATB Shofirkon filiali tomonidan 1 milliard 393 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi moliyalashtirilgan.
Shular qatorida, “Sharof Rashidov” MFY da faoliyat yuritayotgan koʻp yillik dehqon Oʻktam Yakubov boshchiligidagi “Bafo bobo Choʻpon ota” fermer xoʻjaligi ham 32 gektardan iborat paxta va bugʻdoy yetishtirilayotgan ekin yerlarini sugʻorish uchun 60 kVt soat quvvatdagi quyosh panellarini oʻrnatdi. Buning natijasida fermer xoʻjaligi bir oyda oʻrtacha 11 ming kVt soat elektr energiyasini isteʼmol qilmoqda va hozirda bu ehtiyojning katta qismi quyosh panellari orqali bartaraf qilinmoqda.
Ahamiyatli jihati, bu loyiha fermerga energiya tejamkorligi, barqaror suv taʼminoti va ishlab chiqarish sarf-xarajatlarini kamaytirish imkonini bermoqda. Umuman, bu harakat chekka tumanda ekologik toza va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy qilish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi. Zero, har bir xoʻjalikda dehqonchilik ishlarining asosiy bosqichlarida – xususan, sugʻorish ishlarida elektr energiyasi hal qiluvchi omil hisoblanmoqda. Shu sababli, xoʻjaliklar tomonidan 60 kVt quvvatga ega quyosh panellari tizimi oʻrnatilayotgani bu boradagi tashvish-muammolarga yechim sifatida qaralmoqda. Bu tizim toʻgʻridan-toʻgʻri sugʻorish nasoslari va drenaj quduqlarini barqaror energiya bilan taʼminlash imkoniyatini beradi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga koʻra, oylik elektr energiyasi ehtiyoji 11 ming kVt soat boʻlgan birgina “Bafo bobo Choʻpon ota” fermer xoʻjaligi endilikda ushbu ehtiyojining katta qismini quyosh panellari orqali qoplamoqda. Bu esa elektr taʼminoti barqarorligini oshirish bilan birga, xoʻjalik xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





