Vobkent: “Guliston” va “Rohkent” hududlarida gʻalla oʻrim-yigʻimi avjida
2025-06-13 14:20:00 / Yangiliklar

Davlat xaridi asosida qabul maskanlariga kiritilayotgan bugʻdoy hosili bilan birga oʻrim-yigʻim yakuniga borib tumanda yalpi gʻalla xirmonini 38 ming tonnadan oshirish, har gektar hosildorligini 70 sentnerga yetkazish imkoniyati mavjud. Boshqacha aytilganda, har bir fermer xoʻjaligi jamoasining sara don hosilidan qoʻlga kiritishi kutilayotgan moddiy manfaatdorligi davlatga sotilayotgan bugʻdoydan kam boʻlmasligi koʻzda tutilgan.
Ayni kecha-kunduzda vobkentlik dehqon mirishkorlar mashaqqat bilan yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay, qisqa muddatda oʻrib-yigʻib olish maqsadida 27 ta gʻalla oʻrish kombayni kuchidan foydalanishmoqda. Bobo-dehqonning peshona teri evaziga yetishtirilgan hosil choʻgʻi yomon emas. Oʻrimning dastlabki haftasida har gektar yerdan oʻrtacha 55 sentnerdan xirmon koʻtarilgani barakali hosildan dalolatdir.
Jumladan, "Guliston" va “Rohkent” hududlarida faoliyat yurituvchi "Hayitov Ikrom sahovati", "Oʻktam Sherali Shahzodbek", "Ziyo Sharof", "Muhammad Amir Ramziddin" kabi fermer xoʻjaliklarida har yilgi tajribalaridan kelib chiqib, belgilangan gʻalla xirmonini ilgʻorlar qatorida barpo qilish saʼy-harakati bormoqda.
—Birgina “Oʻktam Sherali Shahzodbek” fermer xoʻjaligini olsak, kech kuzda 11 gektardan iborat gʻalla yerida “Starshina” naviga mansub serhosil bugʻdoy ekib parvarishga kirishgan xoʻjalik mirishkorlarining shu kundagi xirmon 40 tonnaga yetkazilmoqda,—deydi “Guliston” hududi rahbari Odilbek Amonov.—Oʻrim-yigʻim yakunigacha bu xoʻjalik bugʻdoy xirmonini 60 tonnaga yetkazish harakati bormoqda. Boshqa xoʻjaliklarda ham xuddi shunday, moʻl hosildan avvalo mehnat jamoalari moddiy manfaatdorligi oshirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




