Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Shenyan shahrida “II xalqaro birodar shaharlar forumi”da ishtirok etishdi
2025-06-13 10:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ham nutq soʻzladi. Viloyat rahbari avvalo, ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan birodar shaharlar anjumani doirasidagi samimiy qabul va yuqori darajadagi tashkiliy ishlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Botir Zaripov nutqi davomida bunday anjumanlar faqatgina uchrashuv emas, balki xalqlar oʻrtasida yaqinlashuv, tajriba almashish va mintaqalarni rivojlantirishga qaratilgan real loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platforma ekanligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, bugun mamlakatimiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiqlik, islohotlar va taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyganligi, Yangi Oʻzbekiston — barqaror va barcha davlatlar bilan konstruktiv hamkorlikka intiluvchi mamlakat sifatida butun dunyoga namoyon boʻlayotganligi qayd etildi.
Eʼtirof qilinganidek, hududlar oʻrtasidagi hamkorlik – ikki davlat munosabatlaridagi ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Buxoro viloyati Xitoy Xalq Respublikasining hududlari, ayniqsa, Lyaonin provinsiyasi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdordir.
— Biz infratuzilma, turizm, sanoat va logistika sohalarini jadal rivojlantirmoqdamiz. Bugungi kunda Buxoro viloyati xitoylik investorlar va boshqa davlatlardan keladigan doʻstlar uchun ishonchli hamkorga aylanmoqda. Joriy yilning mart oyida Buxoro viloyati bilan Lyaonin viloyati oʻrtasida birodarlik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha anglashuv bayonnomasi imzolanganidan chin qalbimdan mamnunman. Bu hujjat faqat rasmiy kelishuv emas, balki oʻzaro hamkorlik va ishonchning ramzidir,-dedi Botir Zaripov.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston va Xitoy — strategik hamkor hisoblanib,. mamlakatlarimiz energetika, “yashil iqtisodiyot”, avtomobilsozlik, transport, qishloq xoʻjaligi va raqamli transformatsiya kabi sohalarda muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shundan kelib chiqib, Botir Zaripov investorlarni mamlakatimizda, shu jumladan, Buxoroda oʻz biznesini ochishga taklif etdi.
Shuningdek, Botir Zaripov Lyaonin provinsiyasi partiya qoʻmitasi kotibi oʻrinbosari va Lyaonin provinsiyasi gubernatori Van Sinvey bilan uchrashdi. Muloqotda hududlar oʻrtasida hamkorlikning joriy holati, uni faollashtirish, investitsiyalarni jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi. Shunga koʻra, oʻzaro teng manfaatli loyihalarni amalga oshirishning istiqbollari yuzasidan kelishib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






