Yangi aeroport yoʻlida ham ish qizgʻin tus olgan
2025-06-11 11:50:00 / Yangiliklar

Davlat-xususiy sherikligi asosida umumiy qiymati 226 million AQSH dollariga teng boʻlgan ushbu yirik loyiha doirasida jahon standartlariga mos zamonaviy aeroport tashkil etiladi. Bu hozirda foydalanib kelinayotgan aeroportdan uch barobar koʻp quvvatga ega yangi zamonaviy xalqaro aeroport boʻlishi maqsad qilingan.
Xizmat koʻrsatish terminali orqali soatiga 1 ming 200 nafar yoʻlovchini oʻz manzili sari kuzatib-kutib olinadigan mazkur aeroport Buxoro shahrining ham oʻziga xos koʻrki boʻlishi kutilmoqda. Yoʻlovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalarni ham jalb qilish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, yangi aeroportda parvozlarni boshqarish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish tizimlari, kutish-kuzatish zallari talabga javob beradigan darajaga yetkaziladi.
Shu kunlarda Buxoro shahri ostonasida barpo qilishga kirishilgan bu yirik “havo kemalari bandargohi”—yangi aeroportga olib boradigan yoʻlning 33 kilometrdan iborat muqobil avtomobil yoʻlini qurish, hududni oʻzlashtirish va zarur tuproq ishlarini bajarish ishlari jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda.
Bu jarayonda Romitan tuman yoʻllardan muntazam foydalanish korxonasi davlat muassasasi ishchi-mutaxassislari tomonidan yoʻl asosini tayyorlash, shagʻal toʻkib, avtogreyder yordamida yuzani tekislash, boshqa maxsus texnikalar jalb qilingani holda shagʻal yotqizish, suv sepish, katok yordamida tigʻizlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








