Shofirkon: “Tashabbusli budjet” dasturi asosida Chandir va Qoʻrbongli qishloqlari yoʻli asfaltlashtirildi
2025-06-11 08:50:00 / Yangiliklar

Bu borada birgina joriy yilgi “Tashabbusli budjet” jarayoniga toʻxtalsak, 2024-yil birinchi mavsumida Shofirkon tumanida jami 18 ming 500 metr uzunlikdagi, umumiy loyiha qiymati 8 milliard 470 million soʻmga teng boʻlgan 6 ta qishloq yoʻlini asfaltlashtirish maqsad qilingandi. Mazkur barcha yoʻl inshootlari loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali pudratchi korxonalar aniqlangan.
Joriy yil dastlabki yarmi davrida jumladan, “Mazlaxon Chandir” mahalla fuqarolar yigʻinidagi Chandir va Qoʻrbongli qishloqlari aholisining talab va istaklari asosida “Tashabbusli budjet” dasturiga ichki yoʻllar taʼmiri kiritilgan. Ikki qishloq aholisining yakdil harakati va ovoz berish jarayoni uyushqoqlik bilan oʻtgani tufayli har ikki aholi punktidan jami 10 mingga yaqin ovoz yigʻilib, gʻoliblikka erishildi.
—Bu qishloqlardagi deyarli har bir koʻchaga oʻtgan yillarda “Obod qishloq” dasturi doirasida yoʻl asosi tayyorlanib, shagʻal yotqizilgani holda yoʻlovchilar, haydovchi va piyodalar uchun imkonqadar qulaylik yaratilgan. Endilikda esa Chandirda 2,9 kilometr, Qoʻrbonglida esa 3,2 kilometr uzunlikdagi yoʻlga asfalt bostirilgani bunda istiqomat qilayotgan aholini xursand qildi,—deydi “Mazlaxon Chandir” MFY raisi Bobir Oripov.—“Tashabbusli budjet” dasturi tufayli amalga oshirilgan bu loyihalar har biri uchun buyurtmachi tashkilot “Buxoro mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi hisob-kitobiga binoan 1 milliard 300 million soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. Yoʻl taʼmirida esa pudratchi subyekt "Elshod qurilish servis" MCHJ ishchi-mutaxassislari alohida jonbozlik koʻrsatib, mahalliy aholi olqish va duolarini olmoqdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








