Gʻalla-2025: Buxoroda gʻalla oʻrim–yigʻimiga rasman start berildi
2025-06-04 08:25:00 / Yangiliklar

Gʻallakorlarimiz 573 ming tonna gʻalla ishlab chiqarishni, shundan, 190 ming tonna gʻallani davlatga sotishni, jumladan, 174,3 ming tonna tovar don va 15,7 ming tonna urugʻlik don yetkazib berishni maqsad qilishgan.
Bugun, 4-iyun kuni har yilgi anʼanaga muvofiq gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumi boshlanishi oldidan viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi tegishli soha mutasaddilari, paxtachilik-gʻallachilik klasterlari rahbarlari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, agrosanoat majmuiga daxldor tashkilotlar, taʼminot va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar masʼullari Bahouddin Naqshband ziyoratgohida jam boʻlishdi.
Tadbir avvalida Qurʼon tilovat oʻqilib, bobodehqonlar oldidagi mashaqqatli, shu bilan birga sharafli ishlarida kuch-quvvat, yurtimizda moʻl-koʻlchilik, toʻkin-sochinlik barqaror boʻlishligini tilab duo qilindi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion gʻoyalar joriy etilishi qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarda muhim omil boʻlayotganini alohida taʼkidladi. Ayni jarayonda Buxoro viloyatida ham zamonaviy mezonlar asosida bugʻdoy navlarini yangilash, agrotexnik tadbirlar jarayoniga qishloq xoʻjaligi olimlarini keng jalb etish, fermer xoʻjaliklari moddiy manfaatdorligini oshirib borishga alohida eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga el-yurt dasturxonini nondek aziz neʼmat bilan toʻkin qilishga munosib hissa qoʻshayotgan barcha gʻallakorlar, mavjud klasterlar, xizmat koʻrsatuvchi korxona-tashkilotlar jamoalarini dalalardagi hosilni oʻrib-yanchish jarayonini faol tashkil etishga chaqirdi. Mavsumni sifatli va samarali oʻtkazish, hosilni nes-nobud qilmasdan, oʻz vaqtida yigʻishtirib olish boʻyicha tuman hokimlari hamda soha mutasaddilariga vazifalar belgilab berildi.
Qayd etish joizki, bu borada barcha zarur harakatlar izchillik bilan amalga oshirildi. Xususan, joriy yilgi oʻrim mavsumiga 185 dona kombayn, 925 dona yuk tashish mashinasi, 163 dona oʻt oʻrgich va 134 dona zichlab bogʻlagich (press podborщik) mavsumga shay holatga keltirilgan. Mavsum davomida kombayn haydovchilariga yetarli shart-sharoit yaratib berish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, moddiy ragʻbatlantirish masalalari ham eʼtiborga olingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








