Buxoroda “Yosh qutqaruvchi” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi oʻtkazilmoqda
2025-06-02 22:00:00 / Yangiliklar

Unda viloyat hokimi Botir Zaripov soʻzga chiqib, musobaqa ishtirokchilarini Buxoroga tashrifi bilan qutladi va jamoalarga omad tiladi. Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda respublikamizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlarga oid siyosatni amalga oshirish, xususan, ularni sport bilan shugʻullanishlarini taʼminlash borasida ulkan islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, yoshlarni sportga keng jalb qilish maqsadida sport majmualari, stadionlar, sport zallari va koʻp funksiyali maydonlar barpo etildi va bu ishlar tizim davom ettirilmoqda. Bundan tashqari, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, vatanga sadoqat va fidoiylik ruhida tarbiyalash maqsadida tizimli ravishda harbiy sport musobaqalari va festivallar tashkil qilinmoqda.
Taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Joriy yilgi musobaqaning respublika bosqichida barcha hududlardan umumtaʼlim maktablari va kasbiy taʼlim muassasalarining 300 nafarga yaqin oʻquvchi-yoshlari ishtirok etmoqda.
Tantanada favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari Sanjar Zuparov ham soʻz olib, tashkil etilayotgan bu kabi musobaqalar qatnashchilar uchun jismoniy va ruhiy chidamlilikni yanada mustahkamlashini, yangi mahorat va tajribalarni egallashga imkon berishini qayd etdi.
Tadbir koʻrgazmali chiqishlar va madaniy dastur bilan davom etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








