Zafar muborak, buxorolik pillakorlar!
2025-05-28 17:40:00 / Yangiliklar

Buxoroda sanoat uchun noyob va qimmatbaho xom ashyo – –pilla yetishtirishda oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgani samarasi oʻlaroq, joriy mavsumda ham davlatga “kumush tola” sotish rejasi respublikada birinchi boʻlib bajarildi.
Tahliliy olganda, viloyatimizda soʻnggi yillarda pillachilik tarmogʻida oʻsish va rivojlanish kuzatilmoqda. Masalan, 2023-yilgi mavsumda yetishtirilgan “kumush tola” miqdori 2 716 tonnani tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilgi xirmon salmogʻi nisbatan 442 tonnaga koʻproq, yaʼni uzoq yillik tajribaga ega pillakorlar tomonidan 48 ming 877 quti ipak qurti parvarishlanib, 3 ming 143 tonna oʻrniga 3 ming 158 tonnaga yetkazib pilla xom ashyosi yetishtirilgan.
Bu yil pillakorlarimiz hosili salmogʻi yanada oshirilmoqda. Buni avvalo mavjud inkubatsiyalarda jonlantirilgan 52 ming 388 quti ipak qurti va undan yetishtirilgan “kumush tola” xirmoni qabul punktlariga pilla hosilini topshirish davom etayotgan bir paytda rejadagidan 43 tonnaga koʻp, yaʼni 3 ming 143 tonna oʻrniga 3 ming 186 tonnaga yetkazilganida ham koʻrish mumkin.
Bundan tashqari, joriy yilgi mavsumda viloyat tumanlarida 5 ta pillachilik klasteri—“Romstar”, “Kumushkent ipagi”, “Gʻijduvon ipak tola”, “Silk seriyes”, “Silklili” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari va ular bilan hamkorlikda faoliyat yuritgan fermer xoʻjaliklari, oilaviy zvenolar va kasanachilar hisobidan 110 mingga yaqin aholi vakilining bandligi taʼminlandi.
Ipak qurti parvarishida band boʻlgan oilaviy zvenolar va kasanachilar bir oydan oshiq mehnat davrida 130 milliard soʻmdan oshirib umumiy daromad koʻrdilar. Ularga ipak qurti tarqatish oldidan 26 milliard 200 million soʻm atrofida avans-boʻnak puli tarqatilgani, qolaversa, mahsulot yetishtirish uchun zarur vositalar, asbob-uskuna va dastaklar kasanachi va oilaviy zvenolarga qayta ishlovchi korxonalar tomonidan yetkazib berilgani, jumladan, 60,2 tonna toʻshama qogʻoz, 16 ming dona termometr, 5 tonna miqdorida formalin, 25,4 ming dona psixometr, 20 ming metr boʻz, 2 tonna atrofida syomniklar bilan taʼminlangani ham mehnat muvaffaqiyati omili boʻldi.
Mahalliy iqlim sharoitida har bir quti ipak qurtidan oʻrtacha 65-70 kilogram hosil olinib, bir dona pillaning ogʻirligi 1,8-1,9 grammni tashkil qildi. Ilgʻor zvenolarimizda bir qutidan 85 kilogramgacha pilla olishga erishildi. Hududlardagi pillakor agronomlar saʼy-harakati, oʻz vaqtida sifatli ozuqa bilan taʼminlangaligi evaziga viloyat pillakorlari zimmalariga olgan masʼuliyatli vazifani ortigʻi bilan bajardilar. Bunda ayniqsa, Olot, Romitan, Shofirkon, Kogon, Peshku, Buxoro, Vobkent va Qorakoʻl tumanlari mirishkorlari peshqadam boʻldilar.
Eʼtiborga molik yana bir fakt. Ipak qurti yetishtirishda hosil salmogʻini oshirish va ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 2024-yilda viloyat boʻyicha yakka qator tut koʻchatlari ekish, eskirgan tutzorlarni rekonstruksiya qilish hamda tutzorlar qator oralariga bahor mavsumida qoʻshimcha 8 million 57 ming tup va kuz mavsumida 10 million 43 ming tup tut koʻchatlari oʻtqazilib, parvarishlanmoqda. Umumiy hisobda soʻnggi 2023-2025-yillar davomida jami 42,6 million dona tut koʻchati oʻtqazildi.
Joriy yil yetishtirilgan “kumush tola” hosilini qayta ishlashdan umumiy qiymati 12 million AQSH dollariga teng pilla xomashyosini chet eldagi hamkorlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Albatta, viloyatimiz “kumush tola” ijodkorlarining dastlabki yutugʻi qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarida, xususan, bugun uyushqoqlik bilan boshlangan gʻalla oʻrim-yigʻimida, paxtachilikda ham barakali xirmonga mustahkam asos boʻladi.
Mehnat gʻalabangiz qutlugʻ boʻlsin, buxorolik pillakorlar!









