Buxoro shahrida Gʻafforovalar xonadoni oʻnlab kasanachini ish bilan band etmoqda
2025-05-26 11:35:00 / Yangiliklar

Oʻtmish, tarix va zamon kesishgan Buxoroi sharifda qadriyatlarimiz va madaniyatimizni yanada yuksaltirish bilan birgalikda, aholini daromadli qilish maqsadida hunarmand tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratib berilmoqda. Buni "Chorbaxossa" mahalla fuqarolar yigʻini va undagi hunarmandlar faoliyati misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Ushbu mahallada 7580 nafar aholi, 2018 ta oila va 1240 ta xonadon mavjud boʻlib, asosiy rivojlanish “drayveri” xizmat koʻrsatish tarmogʻidir. Berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlgan qoʻygan mohir hunarmand Nurxon Gʻafforova shu mahallaning Maqsud Karim koʻchasida istiqomat qiladi. Bu ayolga davlat tomonidan 50 million soʻm kredit mablagʻi ajratilgan boʻlib, sarmoya hunarmandchilikning oʻziga xos turi milliy patdoʻzi koʻrinishidagi qoʻl sumkalari tikishga sarflanmoqda. Bu bilan yana bir oʻziga xos tadbirkorlik ishi yoʻlga qoʻyildi.
Ahamiyatli tomoni, mahallada “Ustoz-shogird” anʼanasi asosidagi faoliyat izchil davom ettirilmoqda. Oʻnlab oila bandligini taʼminlashda hissasini qoʻshayotgan Gʻafforovalar xonadoni hunarmandlari qoʻshimcha ravishda Jondor tumanidagi 15-20 nafar xotin-qizni ham uy mehnati, kasanachilik bilan band etishda jonbozlik koʻrsatishmoqda. Uy sharoitida patdoʻzi gullarni tikish uchun andozalar tayyorlab, taqdim etilmoqda.
Albatta, qoʻl mehnati, hunar rivoji ortidan moddiy manfaatdorligi oshayotgan oilaviy hunarmandchilikda shogirdlar bir oyda 2,5-3,5 million soʻmgacha ish haqi olishmoqda. Sabr-matonat va yaratuvchanlik qobilyatini talab etadigan mashaqqatli mehnat ortidan kelayotgan bir oylik sof foyda oʻrtacha 10-12 million soʻmni tashkil etmoqda. Oʻziga xos sehrli va tarixiy ahamiyatga ega Buxoroda shu kabi hunarmand chevarlar va ular shogirdlari qoʻli bilan yaratilayotgan noyob sanʼat asarlari jozibador va milliyligi bilan xalqimiz va sayyohlarni lol qoldirib kelmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





