Qorakoʻl: gʻalla oʻrim-yigʻimiga 14 ta kombayn va yuzga yaqin tashuvchi texnika vositasi shay qilinmoqda
2025-05-24 16:25:00 / Yangiliklar

Har yilgi dehqonchilik anʼanasiga muvofiq, joriy yilgi dehqonchilik mavsumida chekka tumanda bevosita gʻallachilikka ixtisoslashgan 223 ta fermer xoʻjaligi tomonidan jami 6034 gektar yerda sara navli boshoqli don yetishtirildi. Mirishkor dehqonlar va ularga yaqindan koʻmaklashayotgan agroklaster va taʼminotchi korxonalar mehnati tufayli hademay gʻallachilikdan barakali xirmon koʻtarish maqsad qilinmoqda.
Albatta, koʻzlangan sara bugʻdoy xirmoni qizgʻin palla—hademay boshlanadigan bugʻdoy oʻrim-yigʻimini yuqori surʼatda, uyushqoqlik bilan oʻtkazish orqali barpo qilinadi. Bunda fermerlarimiz “qanoti” — yuqori unumdor kombayn agregatlaridan omilkorlik bilan foydalanish taqozo qilinadi. Shu nuqtayi nazardan, ayni kunda tumanda gʻalla oʻrim-yigʻimiga jalb qilinadigan kombaylar va ularga yaqindan jalb qilinadigan don tashuvchi texnika vositalari texnik koʻrigi, ularni taʼmirlash va oʻrimga shay qilish agrotexnik tadbirlari toʻla-toʻkis amalga oshirilmoqda.
Joriy yil gʻalla hosili oʻrim-yigʻimi davrida olis tumanda jami 14 ta yuqori unumli gʻalla oʻrish kombayni kuchidan foydalanish koʻzda tutilgan. Mazkur agregatlarni mavsumga texnik jihatdan shay qilish va taʼmirlash maqsadida ular "Merganteks" paxta-toʻqimachilik klasteri texnika parkida jamlanib, mexanik va mexanizatorlar tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazildi, nuqson va kamchiliklari bartaraf etildi.
Joriy oʻrim-yigʻim mavsumida hududlar boʻylab 14 ta oʻrim-yigʻim otryadi tashkil etilgan boʻlib, ularga 95 ta don tashuvchi transport vositasi, 2 ta koʻchma taʼmirlash ustaxonasi va 4 ta yoqilgʻi tashuvchi avtomashina biriktirilmoqda. Maqsad oʻrim-yigʻimni tez fursatda va talofatlarsiz, uyushqoqlik bilan oʻtkazishdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









