Kogon: Beklar va Yangi hayot mahallalari yoʻli ravon boʻldi
2025-05-23 20:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, tumanning Yangi-hayot va Mustaqillik mahallalarini bogʻlovchi “80-V 171” rusumli mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻli 650 metr qismi oʻtgan haftada taʼmirdan chiqarilib, asfaltlashtirilgandi. Shu kunlarda Istiqbol va Beklar mahallalarini bogʻlovchi “80-V 178” rusumli mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻli 800 metr qismiga ham asfalt bostirilib, yoʻlovchi va haydovchilar uchun qulay shart-sharoit hozirlandi. Bu ishda tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassassasi ishchi-mutaxassislari jonbozlik koʻrsatdilar.
Yoʻl infratuzilmasini yaxshilash aholiga qulaylik yaratishning birlamchi shartlaridan biri ekan, bu borada temiryoʻlchilar tumanining har bir mahalla va qishlogʻi yoʻlini risoladagidek koʻrinishga keltirish, piyodalar va haydovchilar qatnashi uchun ravon yoʻl hozirlash ishlari muntazam davom ettirilmoqda.
Oʻtgan yili bu borada hududda amalga oshirilgan yirik loyihalardan biri “Sorgʻun” MFY dan oʻtuvchi "4K-182" "Kogon-Katta-Orgʻun-Yanglov-Qiziltepa" yoʻlining 3 kilometr qismi tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan asfaltlashtirilgani boʻldi.
Mazkur tashkilot tomonidan yoʻl chekka qismlarida aholi qatnovi uchun 2 kilometr masofada piyodalar yoʻlakchasi barpo etilgan. Bu loyiha umumiy qiymatiga koʻra, davlat byudjeti hisobidan 2 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








