Buxoroda “Pekiti Tirsia Kali” jang sanʼati boʻyicha xalqaro seminar-trening oʻtkazilmoqda
2025-05-22 22:15:00 / Yangiliklar

Mazkur jang sanʼati mahorat bahslari—seminar-trening mashgʻulotlarini tashkillashtirishdan maqsad huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga javob beradigan praktikkoʻnikmalarini shakllantirishdir.
Eʼtiborlisi, shu yil 10-iyun kuniga qadar davom etadigan seminar-trening mashgʻulotlari, oʻzaro kuch sinashish bahslarida mamlakatimiz bilan birga qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiz respublikalari milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, kuch tuzilmalari ishtirok etishmoqda.
Xalqaro harbiylashtirilgan sport turniri—seminar-trening tantanali ochilish marosimida ishtirokchi davlatlar jamoalari va ular murabbiy hamda qoʻmondonlari, shuningdek, “Pekiti-Tirsia-Kali” sport turi jahon federatsiyasi raisi Rommel Tortal, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Milliy gvardiya boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Fozilovlar ishtirok etib, mahorat namoyishiga aylanadigan chiqishlarda barcha sportchilarga muvaffaqiyat tiladilar.
Viloyat hokimi Botir Zaripov oʻz tabrik soʻzida taʼkidlaganidek, “Pekiti-Tirsia-Kali” yakkakurashi bu nafaqat sport turi, balki zamonaviy harbiy-amaliy tayyorgarlikda ham oʻz oʻrniga ega kuchli jangovar sanʼatdir. Bu jang sanʼati oʻz tarkibiga qurolli va qurolsiz himoyalanish texnikasi, strategik fikrlash, muvozanatning hujum-himoya uslublarini jamlagan boʻlib, huquqni muhofaza qilish organlari, kuch tuzilmalari shaxsiy tarkibi jismoniy shayligini oshirishda juda qoʻl keladi.
Bunda harbiy xizmatchilar bilan birga yuqori malakali murabbiylar, xorijiy tajribani oʻzlashtirgan mutaxassis sportchilar mashgʻulotlarini oʻtishadi. Mashgʻulotlar nafaqat sport va jangovar tayyorgarlik, balki qatʼiy intizom, fidoyilik va yurtga astoydil xizmat qilish ruhini singdirishi bilan ahamiyatli.
“Universal” sport majmuasida xalqaro sport tadbiri harbiy orkestr tomonidan davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
Shundan soʻng yigʻilganlar “Faxriy qorovul”, koʻrgazmali qoʻl jangi mahorat ustalari chiqishlaridan bahramand boʻldilar. “Pekiti-Tirsia-Kali” sport turi jahon federatsiyasi raisi Rommel Tortal esa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga “mahorat darsi” namoyish etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









