Qorovulbozor: "Vigour Export" korxonasi Afgʻonistonga tuxum eksport qilmoqda
2025-05-17 17:35:00 / Yangiliklar

Ayni kunda choʻlquvarlar zamini Navbahor mahallasida faoliyat yuritayotgan "Vigour Export" MCHJda ham parrandachilik tarmogʻiga daxldor, umumiy qiymati 11 milliard soʻmga teng loyiha amalga oshirildi. Bu sarmoyaning 3 milliard soʻmi tadbirkorlik subyekti rahbari Anvar Hamroyev boshliq mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyatining oʻz mablagʻi.
— Faoliyatimizni boshlaganimizga 3 yildan oshdi,—deydi mahalliy tadbirkor Anvar Hamroyev.—Dastlabki bosqichda Xitoy texnologiyasi asosida tovuqxona paviloni barpo etilgan boʻlib, unda jami 50 ming boshdan ortiq “Loman Sendi” zotiga mansub, tuxum yetishtirish yoʻnalishidagi tovuqlar parvarishini yoʻlga qoʻydik. Yaqin ikki oyda yana bir, 100 ming bosh tovuqqa moʻljallangan ikkinchi pavilyonni ishga tushiramiz. Hozirda 16 nafar ishchi mehnat qilayotgan fermamizda loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushishi natijasida yana 10 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, korxonada joriy yilning mart oyida qiymati 120 ming AQSH dollariga teng boʻlgan zamonaviy tegirmon oʻrnatilgan. Mazkur tegirmon soatiga 5 tonna ozuqa ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shu vaqtga qadar zarur ozuqa bozordan sotib olingan boʻlsa, endilikda tovuqlarga beriladigan kombi-korm-omuxta yem shu yerning oʻzida ishlab chiqarilayotgani sarf-xarajatni qisqartirishga sabab boʻldi.
Bir dona tuxum narxini oʻrtacha 800 soʻmdan hisoblaganda ham "Vigour Export" da qoʻlga kiritilayotgan bir kunlik daromad 30 million soʻmga yetmoqda. Demak, bunda mehnat qilayotgan 16 nafar ishchining moddiy manfaatdorligi chakkimas, ish haqi oyiga 3,5 million soʻm atrofida.
Bundan tashqari, mazkur korxona joriy may oyi boshidan buyon Afgʻoniston respublikasiga 20 ming AQSH dollari miqdorida tuxum eksport qildi. Bu loyihaning bir qismi, xolos. Yaqin istiqbolda tadbirkorlik subyekti mahsulot eksporti hajmini 10 barobarga oshirish choralarini koʻrmoqda. Eʼtiborlisi, Qorovulbozorda bu kabi korxonalarning koʻpayishi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi dasturxoni toʻkinligiga hissa qoʻshish, qolaversa, oilalar moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







