Buxoro shahri: kecha ishsiz edi, bugun chevar-tadbirkor...
2025-05-16 15:20:00 / Yangiliklar

Yaratib berilayotgan shart-sharoitdan unumli foydangan holda oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Matluba Halimova ham Shayxon mahallasi, 5-massivida istiqomat qiladi. Oʻtgan yillari ijtimoiy muhofazaga olingan bu ayol mahalla faollari koʻmagi bilan hech qanday toʻlovlarsiz, hududda boʻsh turgan binolardan biriga joylashtirilgan.
Tikuvchilikka layoqati boʻlgan bu ayol shahar hokimining mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida tijorat bankidan 33 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻini olib, oʻziga berilgan joyda tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga erishdi.
Imkoniyatdan samarali foydalanayotgani tufayli bugunga kelib Matluba Halimova qoʻli ostidagi chevarlar sonini 5 nafarga yetkazdi. Ular qoʻl kuchi bilan hozirda kichik korxonaga aylangan sexda ayollar kiyim-kechagi bilan birga mehnat jamoalari uchun maxsus korjomalar tikib tayyorlanmoqda. Daromad choʻgʻi esa kunlik tikib tayyorlanayotgan buyurtma hajmiga bogʻliq.
Oʻzi uchun ochilgan imkoniyat eshiklaridan oqilona foydalanayotgan yana bir shayxonlik chevar ayol Zarnigor Qilicheva boʻlib, u ham mahalla masʼullari koʻmagida tijorat banki tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻi, 33 million soʻmni zamonaviy tikuv mashinasi xaridiga sarflab, oʻz xonadonida ish boshladi.
"Hunarli kishi xor boʻlmas" deganlaridek, tadbirkor ayol barcha turdagi tikuv matolarini tayyor holga keltirib, moʻmay daromadga ega boʻlmoqda. Koʻrpa, koʻrpacha, yostiqlar, kelinchaklar sepi uchun soʻzana, davrixona, kashtadoʻzi va dasturxonlar bejirim tikib tayyorlanmoqda.
Shu bilan birga, Zarnigor Qilicheva mahalladagi xotin-qizlarga tikuvchilik sirlarini oʻrgatib, xayrli ish ortidan 4 nafar ishsiz ayolning bandligini taʼminlashga ham erishmoqda. Buyurtma asosida tikilayotgan mahsulotlar esa allaqachon mijozlarini topgan. Kundalik ishini rivojlantirib kelayotgani ortidan tikuvchi ayol bank kredit sarmoyasini ham emin-erkin bartaraf qilmoqda. Endilikda Zarnigor Qilicheva faoliyatini yanada kengaytirish harakatiga tushgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








