Botir Zaripov Gazlida aholi va tadbirkorlarning murojaatlarini oʻrgandi
2025-05-12 20:00:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimining navbatdagi sayyor qabuli uchun joy – Gazli shahri tanlagani bejiz emas.
Toʻgʻri, oʻtgan yillar davomida koʻp millatli shaharda ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Hudud infratuzilmasini yanada yaxshilash, odamlarning hayot darajasini oshirish ishlariga katta eʼtibor qaratildi. Masalan, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasida propan butan aralashmasini olish qurilmasini qurish boʻyicha qiymati 49,4 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilgani shaharning sanoat salohiyatini oʻzida namoyon etgan boʻlsa, “Gazli koʻp tarmoqli sport majmuasi”ning qad rostlagani choʻlquvarlar oilalarini sportga hamnafas yashashlari, jismonan baquvvat boʻlishi uchun zoʻr imkoniyat yaratdi. Bu kabi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga hali bu yerda yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Birgina misol. Shaharda chorvachilik yoki dehqonchilik bilan shugʻullanish istagidagi fuqarolar bor. Biroq ekinlarni sugʻorish uchun imkon yoʻqligi tufayli odamlarning bu boradagi saʼy-harakatlari cheklangan. Shuningdek, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan tashqari yirik ishlab chiqarish subyektlari boʻlmaganligi bois choʻl hududi aholisini ishli va daromadli qilish muammoga aylanib bormoqda.
Botir Zaripovning shahar aholisi bilan ochiq muloqotida ayni jihatlar aholida tilga olindi.
Ochiq, samimiy ruhda kechgan muloqot davomida aholini qiynayotgan masalalar va ularning yechimiga eʼtibor qaratildi. Hududni yanada rivojlantirish takliflari oʻrganildi.
Qabulga kelgan 80 nafar fuqaroning jami 97 ta murojaati koʻrib chiqildi. Shundan 7 tasi joyida hal etildi, qoʻshimcha oʻrganish va muddat talab etadigan murojaatlar boʻyicha “yoʻl xaritasi” tuzilib, tegishli masʼullarga muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriq va vazifalar berilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Qabulda asosan ishga joylashtirish boʻyicha murojaatlar kelib tushganligi bois viloyat hokimi mazkur masalaga ijobiy yechim topish zarurligini taʼkidlab, bu boradagi taklif va tashabbuslarni ham oʻrgandi.
— Hududagi oʻrganishlar davomida koʻrdikki, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari anchagina. Shu obyektlarni tashabbuskorlarga qonuniy tartibda berish orqali kichik-kichik ishlab chiqarishlarni tashkil qilsa boʻladi. Viloyat rahbari sifatida qanday yordam kerak boʻlsa, qoʻllab-quvvatlashga tayyorman. Ham odamlar daromad manbaiga ega boʻladi, ham oʻsha tashlandiq holda yotgan binoga fayz kiradi, - dedi Botir Zaripov.
Shahardagi tadbirkorlik subyektlari rahbarlari bilan oʻtkazilgan muloqotda viloyat hokimi ayni shu masala yuzasidang fikr almashdi. Shuningdek, ularning ham muammolariga quloq tutdi. Puxta oʻylangan takliflar boʻyicha yakdil qarorga ham kelindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









