Viloyat hokimining oʻrinbosari gʻijduvonlik yoshlar bilan muloqot qildi
2025-05-12 19:30:00 / Yangiliklar

Shu nuqtayi nazardan, viloyat hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Rizo Asadov Gʻijduvon tumanida ijtimoiy ogʻir mahallalardan saralangan, har jihatdan qoʻllab-quvvvatlashga muhtoj yoshlar vakillari hamda ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz uchrashib, samimiy muloqot qildi.
Uchrashuv davomida oʻttizdan oshiq yigit-qizlar tomonidan bildirilgan murojaatlar, xususan bandlik, tadbirkorlikni boshlash uchun zarur shart-sharoit, taʼlim va boshqa ijtimoiy muammolar atroflicha muhokama qilindi. Har bir murojaat diqqat bilan tinglanib, mavjud muammolarni joyida hal etish choralari koʻrildi.
Ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan yoshlarga zarur tavsiyalar berilib, amaliy yordam koʻrsatish choralari koʻrildi. Ular uchun tijorat banklari imtiyozli kredit sarmoyasini ajratishga daxldor masalalarga yechim izlandi. Shuningdek, yoshlarni kasb-hunar, fan, chet tillariga oʻqitish, bandligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolarini hal qilish, ular bilan vatanparvarlik va boʻsh vaqtni mazmunli tashkil etishga doir tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, hayotda oʻz oʻrnini topishi va iqtidorini namoyon qilishga koʻmaklashish borasida kelishib olindi.
Tadbirda tumanning Koʻkcha mahallasida yashovchi, alohida toifaga kiritilgan Javlon Narzullayev, Rohatoy Islomova, Yulduz Usmonova, Olmazor mahallasida istiqomat qilayotgan Mahmud Murodullayev, Sardor Husenov, Talʼat Rahmonov, Qoraxoni mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Aziz Izzatullayev, Zuhra Sattorova, Navroʻz Nishonov singari yoshlar oilaviy ahvoli, mehnat layoqati, ijtimoiy muhofazasiga doir oʻrganish olib borilib, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularga daromad manbaini yaratib berish choralari koʻrildi.
Viloyat hokimining oʻrinbosari R. Asadov yoshlarni Buxoroning “drayveri” sifatida eʼtirof etib, barkamol avlod vakillarining fikr-mulohazalari, tashabbus va takliflarini atroflicha eshitib, ularning faolligini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tuman mutasaddilariga oʻz tavsiyalarini berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




