Buxoro tumani: Navroʻz mahallasida “Sohilboʻyi” dam olish maskani qurilmoqda
2025-05-12 10:45:00 / Yangiliklar

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi “Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-287-sonli qaroriga asosan Buxoro tumanidagi “Navroʻz” mahallasida ham 1 kilometr masofada “sohilboʻyi” dam olish maskanini barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan.
Bunda aholining boʻsh vaqtini unumli oʻtkazishi, oila aʼzolari bilan kelib, miriqib hordiq olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish, salqin ichimliklar, umumiy ovqatlanish shaxobchalarini qurib foydalanishga topshirish, shuningdek, bunda mavsumiy katamaran va boshqa qayiqlar xizmatini joriy etish koʻzda tutilgan.
Quvonarlisi, zamonaviy andozada quriladigan mazkur sohilboʻyi dam olish, koʻngilochar maskani qirqdan ortiq tadbirkorlik subyektining savdo va xizmat koʻrsatish manziliga aylanishi, mehmonlar va hatto, xorijiy sayyohlarga savdo va maishiy xizmat koʻrsatilishi barobarida, hudud miqroiqlimini shakllantirishda ham oʻz oʻrniga ega boʻladi. Albatta, sohilboʻyi tungi yoritish chiroqlari, toʻligʻicha himoya toʻsigʻi, temir panjaralar bilan oʻrab olinib, bunda piyodalar yoʻlaklari ham barpo qilinadi.
Loyiha doirasida koʻchada yoritish ustunlari, oʻrindiqlar va chiqindi urnalarini oʻrnatish, manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar oʻrnatish, shuningdek, hududda fotozonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, piyodalar yoʻlaklari, velo-yoʻlaklar, yoʻl chekkasida harakatlanishga xalal bermaydigan avtoturargoh va zamonaviy oʻrindiqlar oʻrnatish, “Food trak”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, bolalar oʻyingohi oʻrnatish kabi ishlar amalga oshiriladi. Shu kunlarda esa hududda pudratchi korxona va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilish-bunyodkorlik ishlari davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









