Shofirkon: obodonlashtirish boshqarmasiga yangi maxsus texnikalar topshirildi
2025-05-10 17:55:00 / Yangiliklar

Ular erta tongdan koʻchalarni supurib sidirish, yoʻl chetlarini tozalash, anvoyi gullar ekish, daraxtlarni sugʻorish, parvarishlash, yoʻlaklarni tartibga keltirish va yana shu kabi ishlar bilan band boʻladilar. Sovuqni sovuq, issiqni issiq demay, har qaysi mahalla-qishloq yoki koʻchaga ozodalik, fayz olib kiradiganlan ham ular. Aynan shundaylar mehnati tufayli keyingi yillarda Shofirkon tumani ham yanada obodonlashib, koʻrkam qiyofa kasb etmoqda.
Yaqinda tuman obodonlashtirish boshqarmasi moddiy-texnik imkoniyatlarini oshirish, ishchi-mutaxassislar samarali ishlashlari uchun yanada qulay imkoniyat yaratish maqsadida korxonaning mavjud 11 ta maxsus texnikasi yoniga yana 4 ta transport vositasi yangidan xarid qilingani jamoani xursand qildi.
Tuman mutasaddilari ishtirokida mazkur texnika vositalari obodonlashtirish boshqarmasiga tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda taʼkidlanganidek, obodonlashtirish tarmogʻi zimmasiga yuklangan masʼuliyat yildan-yilga ortmoqda. Yangidan qabul qilingan transport vositalari esa ayni paytda tumanda xizmat doirasidagi 1076 kilometr ichki yoʻlni saqlash va taʼmirlash, 112 ta qabristonni toza va talab darajasida saqlash, 23 kilometr uzunlikdagi piyodalar yoʻlagini tartibga solish, jami 2400 ta beton tayanch ustunidagi yoritish tizimini barqaror ishlatishda juda qoʻl keladi.
Obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida bugunga kelib 330 nafardan ortiq ishchi-xizmatchi faoliyat yuritmoqda. Shulardan jumladan, 112 nafar qabriston qorovuli, bogʻbon-koʻkalamzorlashtirish ishchilari, qoʻlda tozalovchilar, elektriklar va tajribali haydovchilar jamoasi — barchasi birgalikda tumanning tozaligi va orastaligiga masʼuldirlar. Ayni paytda ular yangi texnikalar taqdimoti munosabati bilan zamonaviy rusumdagi “ISUZU NPR-75K” rusumli teleskopik avtokoʻtargichi, “ISUZU FVR 34-K”—kombinatsiyalangan supirish, tozalash va suv sepish mashinasi, shuningdek, ichki yoʻllarni tekislashda asqotadigan avtogreyder, “XD-83” rusumli ikki qaltakli yoʻl tekislagich-katokni qabul qilib oldilar.
Bundan tashqari, viloyat hokimligi tomonidan jamoaga daraxtlar va koʻchatlarda uchraydigan zararkunandalarga qarshi biologik ishlov berish-dorilashni amalga oshirishda qoʻllaniladigan “Foton” rusumli avtomashinasi topshirildi. Bu vosita endilikda ekologik tozalik va koʻkalamzor hududlar barqarorligini taʼminlashda muhim vositadir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








