Qorakoʻl: Qoʻziboyevlar tomorqasida ertangi oshqovoq yetilmoqda
2025-05-10 16:35:00 / Yangiliklar

Chekka tumanning Polvonlar mahallasida bugunga kelib 536 ta xonadon, 725 ta oila umrguzaronlik qilayotgan boʻlib, ulardagi jami 3 mingdan ortiq aholining tirikchilik vositasi asosan dala-dehqonchilik ishlari va chorvachilik hisoblanadi. Ayni kunda mahalla “yettiligi”dan iborat masʼullar oʻrganishlari natijasida ijtimoiy muhofazaga olingan oilalardan vaqtincha ishsiz boʻlgan 266 nafar fuqaroning bandligini taʼminlash, ularni ishga joylashtirish choralari koʻrilmoqda.
Jumladan, qoʻllab-quvvatlashga muhtoj bu toifaning 282 nafarini oʻzini-oʻzi band qilishga, 144 nafarini mavsumiy ishlarga jalb qilishga koʻmaklashilmoqda. Tuman hokimining mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida oʻtgan yil davomida bu yoshlarning 252 nafariga qariyb 5 milliard soʻm miqdorida bank imtiyozli kredit mablagʻi ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun shart-sharoit yaratilgan.
Shuningdek, hududda 12 ta yuridik maqomga ega kichik korxona, 16 ta yakka tartibdagi tijoratchi, yana qirqqa yaqin tashabbuskor tadbirkor ish yuritmoqda. Mahallada tomorqa madaniyatini oshirib, oilasiga daromad keltirayotgan mehnatkashlar qatorida Jamshid Qoʻziboyev oilasi bir necha yildirki, tomorqa yerida ertapishar oshqovoq yetishtirib, moddiy manfaat koʻrmoqda. Usta dehqon bu yilgi mavsumda ham erta bahor kunlaridan yer tayyorlab, egat tortib, plyonka ostiga qovoq urugʻini qadab, parvarishga kirishgandi. Bugunga kelib joʻyaklarda palak yozgan hosil, oshqovoq pishib yetilmoqda. 9 sotix yerdagi hosil bozorga olib chiqib sotishga tayyor holga kelgan.
—Erta bahorgi oshqovoqning xaridori chaqqon boʻladi. Biz ham hademay, 2 tonnadan oshirib oshqovoq mahsulotini saranjomlab olish harakatidamiz,—deydi tomorqachi Jamshid Qoʻziboyev.—Avvalo, qovoq ekinidan moʻl hosilga yetishishi uchun yuqori sifatli, toza urugʻni tanlash, ekin yerini mahalliy oʻgʻitga toʻyintirish, parvarishiga eʼtibor qaratish zarur. Bunda kerak paytda zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik dorilashni ham amalga oshirib, koʻproq sugʻorib koʻzlangan hosilni olish mumkin. Oʻsish davrida birinchi va ikkinchi chopiqdan soʻng bir marta, soʻng hosil yetilishigacha har 10–15 kunda sugʻorib turiladi. Tomorqamizdagi har bir oshqovoq hozirda 1,5-2,5 kilogramdan “tosh bosayotgani” ayni muddao. Bu mavsumda oshqovoqdan 12 million soʻmdan oshirib daromad qilishni koʻzlaganmiz.
Shubhasiz, dehqonchilikda katta tajriba orttirgan xonadonda olinayotgan mahsulot ham oila farovonligiga xizmat qilmoqda. Halol mehnatdan kelayotgan daromad oila orzu-havasi roʻyobiga, farzandlar taʼlim-tarbiyasiga, roʻzgʻor badastirligiga sarflanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




