Botir Zaripov buxorolik urush qatnashchilariga Prezident tabrigini yetkazdi
2025-05-08 17:15:00 / Yangiliklar

Mazkur hujjat eʼlon qilingan paytda viloyatda 4 nafar urush qatnashchisi – Hojimurod Bektoshev, Fayzulla Xodjiyev, Norboy Qarshiyev, Ahmad Muhsinov, shuningdek, 1941-1945-yillarda Leningrad shahri qamali davrida shahar korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida ishlagan hamda fashistlarning konslagerlarida boʻlgan Reyda Resutova hamda Katize Menseitova hayot edi. Afsuski, oʻtgan vaqt mobaynida Rayde Resutova vafot etdi.
Shunday boʻlsa-da davlatimiz rahbarining bayram tabrigi, ajratilgan pul mukofoti va sovgʻalar bugun bayram arafasida viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan uning oila aʼzolariga yetkazildi. Shuningdek, “Nuroniy” jamgʻarmasi, viloyat mudofaa ishlari, ijtimoiy milliy himoya agentligi boshqarmalari tomonidan ham sovgʻalar berildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov hamrohligidagi jamoatchilik vakillari “Shirbudin” koʻchasida yashovchi Katize Menseitova xonadonida ham boʻlishdi.
Viloyat hokimi onaxonni bayram bilan samimiy tabriklab, Prezidentimizning bayram tabrigini oʻqib eshittirdi va pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalarni topshirdi. Ular koʻrsatgan jasoratni xalqimiz aslo unutmasligini, yana koʻp yillar rohat-farogʻatda yashashliklarini tiladi.
Oʻz navbatida urush faxriylari ham bugungi dorilomon zamonda urush va mehnat faxriylariga koʻrsatilayotgan cheksiz gʻamxoʻrlikdan nihoyatda mamnun ekanligini bildirdi. Qolaversa, faxriylar yurtimiz tinchligi, ezgu niyatlarimiz ijobati, farzandlarimiz baxtu kamolini soʻrab duo qildilar.
Albatta, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ular qatorida front ortida mehnat qilgan faxriylar, aholi farovonligi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan mehnat qahramonlarining jasoratli ishlari kelgusi avlodlar uchun ibrat namunasi boʻlib xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









