Ommaviy axborot vositalar vakillari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil qilindi
2025-05-07 21:50:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf qilish, obodonlashtirish ishlari, shuningdek, "Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablarining bajarilishi mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda mutasaddilar ommaviy axborot vositalari xodimlariga amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha axborott berdilar.
Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha tahlillarga murojaat qilgan Buxoro shahri hokimi Kadastr agentligi shahar bo‘limi tomonidan 2024 yilda hududda yerlardan foydalanish ahvoli yuzasidan monitoring o‘tkazilganida 345 ta holatda o‘zboshimchalik bilan yer maydoni egallash va noqonuniy qurilish holatlari aniqlanganini bayon etdi. Shundan 127 ta holatda fuqarolar tomonidan noqonuniy qurilmalar ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan bo‘lib, 218 ta holatda qonunbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Tegishli sudlarga bu qurilmalarni bartaraf etish to‘g‘risida da’vo arizalari kiritilib, ularni buzdirish yuzasidan hal qiluv qarorlari qabul qilingan.
Xuddi shunday holat joriy yil shu kungi holatida 164 ta holatda qayd qilingan bo‘lib, ko‘rilgan ta’sir choralari, ogohlantirishlardan so‘ng 105 ta holatda qurilmalar fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda buzilgan. Ammo 59 ta holatda o‘zboshimcha, qonunbuzar fuqarolarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilib, sudlarga bu qurilmalarni bartaraf etish to‘g‘risida da’vo arizalari kiritilgan.
Shaharda reklama yozuvlari ifodalanishiga kelsak, bu borada Respublika Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi “Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 428-sonli qaroriga muvofiq ish olib borilmoqda.
Bu borada shahar va tumanlardagi ishchi guruhlari tomonidan joriy yilda xatlov jarayonida viloyatda
820 ta o‘rganish o‘tkazilib, shundan 485 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Shuning yuzasidan 16 ta holatda ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 10 ta qonunbuzilish holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan va 6 ta tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan. Ayni kunda har bir qonunbuzilish holatini bartaraf etish bo‘yicha tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari va tushuntirishlar berilgan.
Matbuot anjumanida hozir bo‘lgan jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









