Romitan: “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida “Mugʻoncha” va “Deycha”da bittadan sugʻorish qudugʻi ishga tushirilib, qariyb 6 km uzunlikdagi kanal qismi taʼmirdan chiqarildi
2025-05-07 19:15:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroriga muvofiq Buxoro viloyatidagi ogʻir ahvolda boʻlgan 55 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash maqsadlari uchun mablagʻ ajratilgan. Viloyat hokimligi tomonidan ushbu mablagʻlar hisobidan 39 ta mahallaning taʼmirtalab boʻlgan ichki xoʻjalik yoʻllarini taʼmirlash, 49 ta mahallaning sugʻorish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish hamda 48 ta mahallaning elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqilgan.
Yuqoridagi qaror asosida viloyatning 49 ta mahallasida tomorqa yerlarini sugʻorishni yaxshilash loyihalari ishlab chiqilgan boʻlib, bu maqsadlar uchun umumiy qiymati 89 milliard 827 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Jumladan, mazkur 49 ta loyiha tarkibida umumiy uzunligi 101,5 kilometr sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish, 30 ta sugʻorish tik qudugʻi va 11 ta nasos stansiyasini qurish ishlari koʻzda tutilgan. Shundan, 42 ta mahallada 101,5 kilometr masofadagi sugʻorish tarmogʻini betonlashtirish, 22 ta mahallada 30 ta sugʻorish qudugʻi qurish, 8 ta mahalla ariq-zovurlarida 11 ta nasos stansiyasini oʻrnatib, ishga tushirish ishlariga oʻtgan yili soʻnggi choragidan kirishilgan.
Bu borada bugunga kelib “Buxorosuvqurilishinvest” davlat muassasasi tomonidan dasturga kiritilgan 49 ta obyektdan 44 tasida qurilish-montaj ishlari toʻliq bajarilib, foydalanishga topshirish dalolatnomalari rasmiylashtirilgan. Qolgan 5 ta inshootda belgilangan ishlarni sifatli yakunlash jarayoni bormoqda. Viloyat miqyosida hozirgacha 99,4 kilometr uzunlikdagi kanal betonlashtirilib, 30 ta tik sugʻorish qudugʻi, 11 ta nasos agregati oʻrnatib ishga tushirilgan.
Kuni kecha viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Amrillo Nazarov boshchiligidagi ishchi guruhi oʻziga biriktirilgan Romitan tumanida boʻlib, yuqoridagi qaror va bu borada hududda tanlangan mahallalarda roʻyobga chiqarilishi zarur boʻlgan loyihalar ijrosini oʻrgandi.
Ayni paytda tumandagi “Mugʻoncha”, “Deycha”, “Poyjoʻy”, “Marziya”, “Hofizrabot” mahallalarida aholi tomorqa yerlarini sugʻorish tarmogʻini yaxshilash, quduq va nasos agregatlarini qurish va rekonstruksiya qilish maqsadlari uchun qiymati 11 milliard 745 million soʻm mablagʻ ajratilgan. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tumandagi mazkur ogʻir toifadagi mahallalarda, chunonchi, Mugʻoncha va Deychada 1 tadan sugʻorish qudugʻi ishga tushirilib, 5380 metr kanal qismi taʼmirdan chiqarilgan. Mugʻoncha mahallasida 2 ta, Deychada esa 1 ta nasos agregati oʻrnatilib, ishga tushirilgan.
Xuddi shunday, Poyjoʻy mahallasi suv tarmogʻining 7270 metr qismi, Marziya mahallasida 4 ming metr, Hofizrabotda esa ariqning 1,6 metri tozalanib, taʼmirdan chiqarilgan. Bu kabi ishlarda masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Irrigatsiya-melioratsiya baraka”, “Navroʻz Akmal stroy”, “Vobkent olmos” kabi mexanizatsiyalashgan pudratchi korxonalar ishchi-mutaxassislari alohida jonbozlik koʻrsatishdi.
Muhokamada qatnashgan mazkur 5 ta mahalla masʼullaridan iborat “yettilik” vakillari zimmasidagi vazifalar ijrosi, chunonchi, aholi tomorqalarini obod qilib, sabzavot-poliz mahsulotlari ekilishi, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarga daromad manbaini yaratish, shuningdek, hududdagi suv yoʻli-ariqlarni tozalash, taʼmirtalab yoʻl va koʻchalarni tartibga solish, ogʻir uchastkalarni elektrlashtirib, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatish, hovli-joylarni risoladagidek koʻrinishga keltirish kabi ishlarga eʼtibor qaratildi.
Hozirga qadar mazkur 5 ta mahallada yashovchi aholining elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida amalda 9 ta transformator punktidan 2 tasi oʻrnatilgan. Tarmoqda 15 ming metr “SIP” kabelidan 3,5 ming metri tortilgan, 387 ta beton tayanch ustunidan 73 tasi oʻrnatilgan. Umuman, bu borada belgilangan ishning uchdan bir qismi bajarilgan. Ammo muhokamada taʼkidlanganidek, bu bilan xotirjamlikka berilishga hech kimning haqqi yoʻq, keng qamrovda boshlangan ishlarni toʻla-toʻkis sifatli yakunlash taqozo qilinadi. Shu bois, viloyat hokimining oʻrinbosari tomonidan tumanda masʼul-mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









