Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi
2025-05-06 13:35:00 / Yangiliklar
Bugun, 6-may kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya ishida viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat boshqarmalari, tashkilotlari va muassasalari rahbarlari, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari, viloyat hokimligi boʻlinmalari masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, hududiy studiyalardan ham tegishli masʼullar videokonfrensaloqa orqali sessiya ishini kuzatib borishdi.

Sessiyada dastlab viloyatdagi maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari faoliyati, bolalarni sogʻlom ovqatlantirish va oʻquvchilarga berilayotgan taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrganish yakunlari koʻrib chiqildi. Bunda mazkur yoʻnalishda olib borilgan ishlarni oʻrganish natijalari yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi, ishchi guruhi rahbari Ismatillo Ismatovning axboroti eshitildi. Soʻngra mazkur masala yuzasidan maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Hamza Elliyev hisobot berdi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala — viloyatda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida viloyat hokimining oʻrinbosari -oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Hafiza Artikova hisobot berdi.
Shundan soʻng deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasining 2025-yilning birinchi choragida viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati toʻgʻrisidagi axboroti haqidagi masalani koʻrib chiqdilar. Mazkur masala boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Xolmurod Bahronovning axboroti tinglandi.
Shuningdek, sessiya ishida “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi, “Viloyat mahalliy byudjetining 2025-yil birinchi chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan mablagʻ yoʻnaltirish toʻgʻrisida”gi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar koʻrib chiqildi. Bu borada deputatlarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






