Kogon: Nurafshon va Geofizika mahallalarida 1,5 kilometr yoʻl asfaltlashtirildi
2025-05-03 17:25:00 / Yangiliklar

Yoʻlsozlikda pudratchi subyektlardan biri "AMIRBEK GOLD WAY SERVICE" MCHJ oʻtgan yili taʼmirtalab ahvolga kelgani bois “Azizobod — Kogon” avtomobil yoʻlining 26-46-kilometrlari oraligʻini saqlash va taʼmirlash ishlarini tender tanlovi orqali oʻz zimmasiga olgan. Kogon tumanining mazkur “4R-65” va “4R-63” rusumli avtomobil yoʻlini talab darajasida taʼmirlash ishlariga buyurtmachi sifatida “Yoʻl-loyiha byurosi” MCHJ loyihasiga muvofiq, umumiy qiymati 1 milliard 511 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shu tariqa qayta taʼmirlangan bu yoʻlda bugunga kelib avtomashina va yoʻlovchilarning xavfsiz harakatlanishi taʼminlanmoqda. Xuddi shunday, “4R-65" va “4R-63” rusumli “Azizobod- Kogon" avtomobil yoʻlining 1 kilometr qismida 6 santimetr qalinlikdagi asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlari toʻla-toʻkis bajarilgani bu yoʻldan manzili sari qatnovchi haydovchi va piyodalar uchun qulaylik boʻldi.
Bu oʻrinda gap temiryoʻlchilar tumanida yoʻl taʼmiri xususida borarkan, soʻnggi oylarda jumladan, “Nurafshon” MFY Chuqurkoʻl qishlogʻidan oʻtuvchi "80 V 128" yoʻlining 860 metr qismi hamda “Geofizika” MFY Zarafshon koʻchasidan oʻtuvchi “80 V 177” rusumli yoʻlning 650 metr qismi tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi ishchi-mutaxassislari tomonidan asfaltlashtirilgani bu borada aholi murojaatlarining yechimi boʻldi.
Tumanning boshqa bir manzili "Oʻzbekiston" hamda "Yangi hayot" mahallalari aholisi talab va murojaatlaridan soʻng hududdagi ichki yoʻlning jami 2 kilometr qismi tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi ishchi-mutaxassislari tomonidan asfaltlashtirilgan. Shu bilan birga, "Xoʻja yakshaba" mahallasida ham aholiga qulaylik yaratish maqsadida ichki yoʻlning 900 metr qismida shagʻallashtirish ishlari olib borilgani koʻplarni mamnun qildi. Albatta, bu kabi eʼtibor hududlarni obodonlashtirish, yoʻlovchi va haydovchilarga birdek qulaylik yaratish, odamlarning mushkulini oson, turmush darajasini yanada farovon boʻlishiga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









