Jondor tumanidagi qurilish-obodonlashtirish ishlari OAV vakillari nigohida
2025-05-03 16:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-may – 1-iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan yigʻilishning 27-son bayoniga muvofiq, Jondor tumani hududidan oʻtuvchi Zarafshon daryosida “Sohil boʻyi” loyihasi barpo qilinmoqda. Inshootda ayni kunda “Qorakoʻlmaxsussuvpudrat” MCHJ tomonidan betonlashtirish ishlari yakunlangan boʻlib, kanalning ikki qirgʻogʻida jami 550 tup manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazilgan. Hozirda sohilboʻyi obyektlari qurilishi uchun tanlangan yarim gektardan iborat yer maydonini auksion savdolariga chiqarish uchun mutasaddi tashkilotlarning kelishuv xulosasini olish ishlari olib borilmoqda.
Keyingi manzil qayta taʼmirlanayotgan tuman markaziy stadioni boʻlib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar jurnalistlarni ham befarq qoldirmadi. Mazkur loyiha Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining tegishli qaroriga asosan amalga oshirilib, stadionni taʼmirlash uchun 500 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Pudratchi tashkilot tomonidan bunda belgilangan ishlar yakuniy bosqichga kirgan.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025–2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-454-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Jondor tumanining “Koʻliyon” MFY dagi 15-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotini yangidan qurish uchun umumiy qiymati 3 milliard 600 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Ayni damda bu yerda pudratchi subyekt binokorlari tomonidan muassasa poydevorini quyish ishlari davom ettirilmoqda.
Xuddi shunday, ayni kunga kelib tumanning "Dalmunobod" MFY dagi 38-sonli umumtaʼlim maktabini kengaytirib, zamonaviy andozada qayta qurish uchun 5 milliard soʻm mablagʻ ajratilgani, bunda soʻnggi pardozlash ishlari bilan birga barkamol avlod vakillarining jismonan chiniqib voyaga yetishlari uchun 1 milliard 500 million soʻm mablagʻ oʻzlashtirilgani holda talab darajasidagi sport zali qurilayotgan quvonarli, abatta. Shuningdek, hududda “Ochiq byudjet” dasturi orqali moddiy qiymati 1 milliard 360 million soʻm mablagʻ evaziga 150 oʻrinli oshxona binosi barpo qilinayotgani maqsadga muvofiq.
“Jondor” mahalla fuqarolar yigʻini Manqufi qishlogʻida yangidan tashkil etilayotgan “Jondor bogʻi” ham ommaviy axborot vositalari xodimlari eʼtiboridan chetda qolmadi. Bugunga kelib bu bogʻda 9 turdagi, jami 5000 tupdan iborat manzarali daraxt koʻchatlari, turfa gullar oʻtqazilib parvarishlanmoqda.
Bundan tashqari, aholining turar joyga boʻlgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida birgina 2024-yilda 3 ta 5 qavatli, jami 100 ta oilani oʻz bagʻriga olayotgan zamonaviy turar joy inshootlari qurib, foydalanishga topshirilayotgani, bu ishlarda “Sardorbek Shahzod”, “BSK servis” kabi pudratchi MCHJ lar binokorlari hissasi qoʻshilayotgani haqida mediatur ishtirokchilari mazkur mahallada boʻlishib, batafsil maʼlumotni oldilar.
Umuman, 2024-2025-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturi asosida tumanda 4 ta umumtaʼlim maktabi, 1 ta maktabgacha taʼlim muassasasi va 2 ta tibbiyot muassassasi, Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish manzilli dasturiga asosan 2 ta umumtaʼlim dargohida, “Tashabbusli byudjet” jarayonining dastlabki bosqichi boʻyicha 6 ta umumtaʼlim maktabida, qolaversa, tuman markaziy poliklinikasini rekonstruksiya qilish orqali yangi bino-inshootlar barpo etish, taʼmirtalab binolarni mukammal taʼmirlash ishlari keng koʻlamda ado qilinmoqda. Qurilish-taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari doirasida binolar devorlari bazalt toʻshama bilan qoplanmoqda.
Media turda OAV vakillari bir necha manzilda boʻlishib, tuman mutasaddi tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot qilishib, oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga javob oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








